Jahon | 20:29 / 21.04.2026
2111
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta deb hisoblangan aysberg deyarli yo‘qolib ketdi

A23a mayda bo‘laklarga bo‘linib, o‘zining asl maydonining 99 foizini yo‘qotdi.

Foto: Vadim Maxorov, AANII

Rossiyaning Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AANII) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha dunyodagi eng yirik deb hisoblangan A23a aysbergi «o‘z tarixini yakunlamoqda».

«A23a mayda bo‘laklarga bo‘linib, o‘zining asl maydonining 99 foizini yo‘qotdi. Yanvar oyida aysberg maydoni taxminan 1300 kvadrat kilometrni tashkil etdi. Ayni paytda uning maydoni 50 kvadrat kilometrdan kam. Hozir A23a aysbergi dengizda suzmoqda va ko‘z o‘ngimizda parchalanmoqda», dedi AANII Muz va gidrometeorologiya ma’lumotlari markazi bosh mutaxassisi Polina Soloshchuk.

So‘nggi uch oy ichida A23a ming kilometrga yaqin masofani bosdi, Janubiy va Atlantika okeanlari chegarasini kesib o‘tdi. Hozir u janubiy kenglikning 49-parallel atrofida suzib yuribdi.

A23a aysbergi 1986 yilda Antarktidadagi Filxner shelf muzligidan ajralgan edi. Shakllangan vaqtda uning maydoni 4170 kvadrat kilometrni tashkil etgan. Bu Sankt-Peterburg shahri maydonidan deyarli ikki baravar katta.

Aysberg 30 yildan ortiq vaqt davomida Ueddell dengizida sayozlikda turdi, so‘ngra Antarktida qirg‘oqlari bo‘ylab suza boshladi. 2025 yil boshida aysberg yana sayozlikka cho‘kdi, ammo avgust oyida Janubiy Jorjiya oroli yaqinida o‘z harakatini davom ettirdi.

2025 yil oxiriga kelib, A23a maydoni 1370 kvadrat kilometrgacha qisqardi, shu sababli u dunyodagi eng katta aysberg maqomini yo‘qotdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid