O‘zbekiston | 17:30 / 01.05.2026
773
3 daqiqa o‘qiladi

INMerge innovatsiyalar sammiti Roadshow turkumini Toshkentda davom ettirdi

INMerge Istanbul anjumanidan so‘ng INMerge innovatsiyalar sammiti o‘zining Roadshow turkumini Toshkentda davom ettirdi. Tadbir Markaziy Osiyoning tez sur’atlarda rivojlanayotgan raqamli ekotizimini muhokama qilish uchun startaplar, venchur sarmoya va korporativ innovatsiyalar sohasidagi mahalliy va xalqaro yetakchilarni bir joyga to‘pladi.

Foto: INMerge

Dastur Caspar Craven’ning «Yangi dunyoni eski xaritalar bilan boshqarib bo‘lmaydi: o‘zgarish yangi fikrlashni talab qiladi» mavzusidagi asosiy nutqi bilan ochildi. Unda o‘zgaruvchan sharoitda moslashuvchan fikrlash va yetakchilikning ahamiyatiga urg‘u berildi.

«Kundalik ekotizimlar: mahsulotni mijoz yo‘li asosida yaratish» mavzusidagi panelda ishtirokchilar mijozga yo‘naltirilgan va uzluksiz ishlaydigan platformalar foydalanuvchi tajribasini qanday o‘zgartirayotgani haqida fikr almashdi. Muhokamada Uzum’ning mahsulot va texnologiyalar bo‘yicha direktori Kevin Khanda, Paynet bosh direktori Anvar Isamuxamedov, Bir Ecosystem’da mahsulot, marketing va mijoz tajribasi uchun mas’ul Maksim Yevdokimov, Yandex Uzbekistan’ning fintex yo‘nalishi rahbari Semyon Morgunov hamda TBC Uzbekistan’ning mijoz tajribasi bo‘yicha direktori Sergey Chekalkin ishtirok etdi. Suhbatni O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi raisi va o‘sish bo‘yicha direktor Nargis Do‘stmatova olib bordi. Muhokamada texnologiya, ma’lumot va mijoz tajribasini uyg‘unlashtirish orqali ommaviy va kundalik ehtiyojlarga mos yechimlar yaratish muhimligi qayd etildi.

Investitsiyalar va mintaqaviy rivojlanishga bag‘ishlangan «Raqamli Ipak yo‘lini faqat sarmoya bilan barpo etish mumkinmi?» mavzusidagi panelda moliya, infratuzilma va strategik yondashuv o‘rtasidagi bog‘liqlik muhokama qilindi. Sessiyani AICA – Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi boshqaruv direktori Behzod Ismoilov olib bordi. Unda PASHA Financial Holding’da innovatsiyalar rahbari va INMerge Ventures boshqaruvchi hamkori Tughra Musayeva, MOST Holding bosh direktori va hammuassisi Alim Hamitov, IT Park Ventures bosh direktori Daler Nodirov, UzVC boshqaruvchi hamkori Abdulazal Toshxo‘jayev hamda DOMiNO Ventures boshqaruvchi hamkori Mustafa Kopuk ishtirok etdi. Mutaxassislar fikricha, sarmoya muhim bo‘lsa-da, barqaror ekotizim uchun malakali kadrlar, aniq qoidalar va xalqaro hamkorlik ham zarur.

Roadshow yakunida startaplar tanlovi o‘tkazildi va ularni yetakchi mintaqaviy investorlar baholadi. G‘olib bo‘lgan uchta jamoa 2026 yil 8–9 oktyabr kunlari Bokuda bo‘lib o‘tadigan asosiy INMerge sammitida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rinni olgan “Screenix AI” to‘liq moliyalashtiriladi, “UGC Market Uzbekistan” va “Redeem” esa qisman qo‘llab-quvvatlanadi.

2026 yilgi Roadshow turkumi doirasida Toshkent tadbiri mintaqaning innovatsion salohiyati ortib borayotganini namoyon qildi. Shu bilan birga, INMerge turli ekotizimlar, sarmoya va g‘oyalarni birlashtiruvchi maydon sifatida o‘z o‘rnini yanada mustahkamladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish