Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron urushi: BAA va Saudiya o‘rtasidagi yashirin ziddiyatlar yuzaga chiqdi
Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi raqobat yaqqol ko‘zga tashlanib bormoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat faqat AQSh–Eroni bilan bog‘liq emas: OPEC doirasidagi kvotalar tortishuvi, Sudan va Yamandagi qarama-qarshi pozitsiyalar hamda iqtisodiy raqobat bu ziddiyatning ancha chuqur va tizimli ekanini ko‘rsatadi.
— AQSh–Eron urushi fonidagi BAA va Saudiya ziddiyati vaqtinchalikmi yoki bu strategik bo‘linishmi?
Kamoliddin Rabbimov: Menimcha, bu jarayon vaqtinchalik hodisa emas, balki chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarning boshlanishidir.
Ushbu urush natijasida Yaqin Sharq mintaqasining xavfsizlik arxitekturasi qayta ko‘rib chiqilishi muqarrar. Donald Tramp prezidentligining birinchi davrida Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Marokash Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Bugungi urush fonida esa arab davlatlari ichida aynan Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va AQShga eng yaqin pozitsiyani egallab bormoqda.
Amirliklar strategik jihatdan Isroilga yanada yaqinlashgani kuzatilmoqda. Bu holat arab davlatlari o‘rtasida Isroilni tan olmaslik bo‘yicha shakllangan tarixiy konsensusning yemirilayotganini anglatadi. Avval ham Misr va Iordaniya Isroil bilan aloqalar o‘rnatgan edi, biroq ularning ritorikasi tanqidiy ruhda saqlanib qolgan. Hozirgi vaziyatda esa BAA va Isroil o‘zaro munosabatlarni ochiqchasiga strategik ittifoq darajasiga olib chiqmoqda. Bu esa BAAning siyosiy va geosiyosiy tanlovi aniq va keskin ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mintaqadagi boshqa davlatlar, xususan Qatar va Saudiya Arabistoni AQShning xavfsizlik kafolatlariga nisbatan shubha bilan qaray boshladi. Ular uchun muhim savol shuki: agar kelajakda Isroil va arab davlatlari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelsa, AQSh neytral qoladimi yoki to‘liq Isroil tomonida turadimi? Mavjud tajriba AQShning bir tomonlama pozitsiya egallash ehtimoli yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim o‘zgarish – Eron omiliga bo‘lgan munosabatning transformatsiyasidir. Avvallari arab davlatlari uchun asosiy strategik tahdid sifatida Eron ko‘rilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda, ayniqsa 2023 yil 7 oktyabrdan keyingi voqealar fonida, Isroil agressiyasi markaziy o‘ringa chiqdi. Endilikda mintaqadagi ko‘proq doiralarda Isroil asosiy strategik tahdid sifatida baholanmoqda.
Isroilning ideologik va diniy asoslangan siyosiy qarashlari mintaqadagi ziddiyatlarning uzoq muddat davom etishini anglatadi. Ya’ni arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar hali yakunlanmagan.
Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tarixan yashirin raqobat mavjud bo‘lgan. BAA o‘zini AQSh va Isroil uchun Saudiyadan ko‘ra ishonchliroq ittifoqchi sifatida ko‘rsatishga intilib kelgan. Saudiya Arabistoni esa murakkab muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda: bir tomondan AQSh bilan strategik aloqalarni davom ettirish, ikkinchi tomondan esa musulmon dunyosidagi diniy va siyosiy yetakchilik maqomini yo‘qotmaslik.
Xulosa qilib aytganda, BAAning keskin geosiyosiy tanlovi qisqa muddatda manfaat keltirishi mumkin, biroq uzoq muddatda bu qaror uni arab va musulmon dunyosida izolyatsiyaga olib kelish ehtimolini ham oshiradi.
Hikmatilla Kazakbayev: Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi munosabatlar bugungi vaziyat bilangina cheklanmaydi. Umuman olganda, ularning mintaqadagi manfaatlari ko‘plab nuqtalarda to‘qnashadi.
Bunga yorqin misol – Sudan. Ushbu mamlakatdagi mojaroda Saudiya Arabistoni rasmiy armiyani qo‘llab-quvvatlasa, BAA hukumatga qarshi kuchlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. So‘nggi yillarda BAA Qizil dengiz bo‘yi hududlarida, xususan portlar va logistika infratuzilmasi ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu orqali u nafaqat iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlamoqda, balki Qizil dengizning to‘liq Saudiya nazoratiga o‘tib ketishini ham cheklashga intilmoqda.
Ikkinchi muhim yo‘nalish – Somalilend. Suverenitetini faqat Isroil tan olgan bu mamlakat Qizil dengiz va global savdo yo‘llari nuqtayi nazaridan katta ahamiyatga ega. BAA bu yerda port infratuzilmasini rivojlantirishga kirishgan. Shu bilan birga, Somali hukumati Saudiya Arabistoni bilan yaqin aloqalarni saqlab qolmoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi.
Uchinchi va eng muhim qarama-qarshilik maydoni – Yaman. Saudiya Arabistoni mamlakatning xalqaro tan olingan hukumatini qo‘llab-quvvatlasa, BAA Janubiy Yamandagi kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Saudiya uchun Yaman yagona davlat sifatida saqlanib qolgani ma’qul, chunki bu uning ta’sir doirasini kengaytiradi. BAA esa aksincha, Janubiy Yamanning alohida siyosiy birlik sifatida shakllanishidan manfaatdor. Chunki bu orqali u strategik jihatdan muhim Adan porti va unga tutash hududlar ustidan ta’sirini mustahkamlashi mumkin. Eron qo‘llovidagi husiylarni ham qo‘shganda, Yamanda uchta asosiy kuch markazi shakllangan. Bu raqobat yaqin istiqbolda ham davom etishi kutiladi. Chunki BAA o‘zini mintaqaviy kuch sifatida namoyon etishga intilmoqda. Shu jarayonda Saudiya Arabistoni uning asosiy raqibiga aylanmoqda.
Raqobat faqat siyosiy va harbiy sohalar bilan cheklanmaydi. Iqtisodiy yo‘nalishda ham ikki davlat o‘rtasida keskin raqobat mavjud. Xususan, Saudiya Arabistonining “Vision 2030” dasturi iqtisodiy diversifikatsiyani maqsad qilgan. BAA buni o‘ziga nisbatan iqtisodiy chorlov deb qabul qilmoqda.
BAA mintaqada innovatsiyalar markazi va xalqaro IT kompaniyalar uchun jozibador hududga aylangan. Soliq siyosatining qulayligi va erkin iqtisodiy muhit ko‘plab kompaniyalarni jalb qilmoqda. Saudiya Arabistoni ham shunga o‘xshash modelni shakllantirishga urinmoqda.
Albatta, diniy jihatdan BAA Saudiya Arabistonining o‘rnini egallay olmaydi. Biroq siyosiy va geoiqtisodiy nuqtayi nazardan u mustaqil kuch markaziga aylanishni maqsad qilgan. Shu bois kelajakda ham bu ikki davlat o‘rtasidagi raqobat davom etishi ehtimoli yuqori.
BAAning OPeKdagi pozitsiyasiga nisbatan noroziligi ham shu kontekstda tushuniladi. Tashkilot doirasida asosiy qarorlar ko‘pincha Saudiya Arabistoni ta’sirida shakllanadi. Neft qazib olish kvotalari masalasida ham BAA o‘z imkoniyatlariga nisbatan cheklovlarga duch kelmoqda. Xususan, Abu-Dabi iqtisodiyoti neftga ko‘proq bog‘liq bo‘lgani sababli, mavjud kvotalar uni qoniqtirmaydi. Bu esa BAAning iqtisodiy va siyosiy mustaqillikka intilishini kuchaytiradi.
BAAning Isroil bilan yaqinlashuvi ham strategik hisob-kitoblarga asoslangan. U mintaqada yakkalanib qolmaslik, ehtimoliy siyosiy bosimlar yoki blokadalarga qarshi qo‘shimcha tayanch yaratishni maqsad qilgan. Shu nuqtayi nazardan, Isroil bilan hamkorlik BAA uchun xavfsizlik va siyosiy sug‘urta vazifasini bajarmoqda.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
15:20
🔴 LIVE: “Geosiyosat”. Ekspertlarga savol bering
14:10 / 05.05.2026
🔴 LIVE: Ho‘rmuzdagi to‘qnashuv va arablar ichidagi bo‘linish | "Geosiyosat"
17:12 / 04.05.2026
«BAAning mustaqillik deklaratsiyasi» – Amirliklar OPEC'dan chiqishiga faqat urush sabab emas
19:38 / 02.05.2026