Jahon | 08:22
1544
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Gretsiyaga diplomatik izoh berdi

Ukraina hukumati Gretsiyaning Lefkada oroli yaqinida portlovchi modda ortilgan dengiz droni aniqlangani munosabati bilan rasman uzr so‘radi. Kiyev hodisani Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan agressiyasi oqibati deb baholadi.

Foto: AP

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiyning ma’lum qilishicha, Ioniya dengizidagi Lefkada oroli sohillari yaqinida kuzatilgan voqea Ukraina uchun ham noxush holat hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, hodisa Ukrainaga qarshi urush davomida yuzaga kelgan vaziyatlar bilan bog‘liq.

Kiyev rasmiylari Gretsiya va uning xalqiga Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon ko‘rsatib kelayotgan qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirgan. Ukraina tashqi siyosat idorasi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yuqori qadrlanishini ta’kidladi.

Bayonotda Ukraina xalqaro huquq normalariga va fuqarolik kemachiligi xavfsizligi tamoyillariga sodiq qolishi qayd etildi. Shuningdek, kelajakda bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi bildirildi.

Kiyevning fikricha, mazkur voqea Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush harakatlari nafaqat Ukraina, balki qo‘shni davlatlar, Yevropa va butun xalqaro hamjamiyat xavfsizligi uchun ham tahdid ekanini yana bir bor ko‘rsatgan.

Avvalroq Gretsiya hukumati Ukrainaga diplomatik nota yuborib, mamlakat hududi yaqinida portlovchi qurilma bilan jihozlangan dengiz droni topilganidan xavotir bildirgan edi. Afina O‘rta yer dengizi harbiy harakatlar maydoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgan.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida mahalliy baliqchilar Lefkada oroli yaqinida taxminan 100 kilogramm portlovchi modda bilan jihozlangan dengiz dronini aniqlagan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, uning masofadan boshqarish tizimi ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin.

Ayrim nashrlar yozishicha, dronning ehtimoliy maqsadi O‘rta yer dengizida harakatlangan Rossiyaning “soya floti“ga tegishli kemalardan biri bo‘lgan. Lefkada oroli Ukraina sohillaridan 1000 kilometrdan ortiq masofada joylashgani sababli, ayrim tahlilchilar bunday dronlar Ukraina harbiylari tomonidan Liviyaning g‘arbiy qismidagi bazalardan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.

Kuzatuvchilar fikricha, hodisa Ukraina va Gretsiya o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmayapti. Biroq u Ukrainadagi urushning ta’siri Yevropa va O‘rta Yer dengizi mintaqasigacha yoyilayotganini ko‘rsatuvchi navbatdagi voqealardan biri sifatida baholanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid