Turizm | 08:28
1820
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng betakror 10 ta kuzatuv maydonchasi

Zamonaviy kuzatuv maydonchalari endilikda faqat go‘zal manzaralarni tomosha qilish joyi emas. Dunyoning turli mamlakatlarida barpo etilgan ayrim inshootlarda me’morchilik yechimi shunchalik o‘ziga xoski, ularning o‘zi ham sayyohlar uchun asosiy diqqatga sazovor obektga aylangan.

So‘nggi yillarda arxitektorlar kuzatuv maydonchalarini faqat panorama tomosha qilinadigan nuqta sifatida emas, balki mustaqil san’at asari sifatida yaratishga intilmoqda. Shu bois dunyodagi ko‘plab kuzatuv minoralari o‘zining g‘ayrioddiy shakli va muhandislik yechimlari bilan ham mashhur.



Daniyadagi Marsk Tower ana shunday inshootlardan biri hisoblanadi. BIG arxitektura byurosi tomonidan qurilgan 25 metr balandlikdagi minora YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Vadden dengizi milliy bog‘i hududida joylashgan. Korten po‘latidan yasalgan inshoot shakli ikki qavatli DNK spiralini eslatadi.

Titlis Tower, Shveytsariya / © Herzog & de Meuron

Shveytsariyadagi Titlis Tower esa 1980-yillarda qurilgan telekommunikatsiya minorasini zamonaviy sayyohlik obektiga aylantirish orqali barpo etilgan. Herzog & de Meuron byurosi muhandislari minoraga konsol ko‘rinishidagi hajmlar va yangi vertikal bloklarni qo‘shib, sanoat uslubini Alp tog‘lari manzarasi bilan uyg‘unlashtirgan.

Nujiang River 72 Turns Canyon Scenic Area, Kitay / © Archermit

Xitoyning Tibet hududidagi Nujiang River 72 Turns Canyon Scenic Area kuzatuv maydonchasi esa daryo uzra 130 metr balandlikda osilib turgan shisha platformasi bilan mashhur. Uning shakli yaqindagi mashhur tog‘ serpantinini takrorlaydi.

The Nomads’ Beacon Tower, Kitay / © Büro Ziyu Zhuang

Yana bir Xitoy loyihasi — The Nomadsʼ Beacon Tower ko‘l o‘rtasida yolg‘iz turgan minora sifatida diqqatni tortadi. Yoz faslida suv sathi ko‘tarilganda unga olib boruvchi yo‘l suv ostida qoladi va inshoot go‘yoki ko‘l bag‘rida suzib turgan yodgorlikka aylanadi.

Pujiang Platform, Kitay / © MVRDV

Xitoydagi Pujiang Platform loyihasida esa yer bilan uyg‘unlashgan gumbazsimon pavilon qurilgan. Arxitektorlar bino ichida pol va shift sathini o‘zgartirish orqali tashqaridan ko‘rinadigan katta panoramali derazaga qarashni yanada ta’sirchan qiluvchi «teleskopik» effektga erishgan.

Westerpunt, Belgiya / © Studio Moto

Belgiyadagi Westerpunt betondan qurilgan bo‘lib, uning shakli dengiz sohilidagi qumtepalar relefini takrorlaydi. Halqasimon yo‘laklar mehmonlarga tabiat manzaralarini turli nuqtalardan tomosha qilish imkonini beradi.

Espina, Meksika / © César Belio

Meksikadagi Espina kuzatuv maydonchasi tog‘ yonbag‘ri uzra chiqib turgan ulkan po‘lat konsoli bilan ajralib turadi. Konstruksiya og‘irligi tosh bilan to‘ldirilgan maxsus konteynerlar yordamida muvozanatda ushlab turiladi.

Watchtower Einderheide, Niderlandy / © NEXT Architecs

Niderlandiyada qurilgan Watchtower Einderheide minorasi esa yog‘ochdan ishlangan spiralsimon zinasi va o‘rmon uzra ochiladigan panoramasi bilan mashhur. Inshoot loyihalanishida ko‘chib yuruvchi ko‘rshapalaklar uchun ham maxsus yashash joylari nazarda tutilgan.

Drifting Stones, Kitay / © DoDesign

Xitoydagi Drifting Stones maydonchasi atrofdagi qoyatoshlarga butunlay uyg‘unlashtirilgan. Uning tom qismi tabiiy toshlarni eslatadi, tashqi yuzasi esa mahalliy ustalar tomonidan qoyalar teksturasiga moslab qo‘lda ishlangan.

Observation Tower Kärven, Shvetsiya / ©  White Arkitekter


Shvetsiyadagi Observation Tower Kärven esa 140 ta yog‘och to‘sindan qurilgan giperboloid shakli bilan ajralib turadi. Parametrik modellashtirish asosida yaratilgan ushbu inshoot tabiat qo‘ynidagi eng zamonaviy kuzatuv minoralaridan biri hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi loyihalar zamonaviy me’morchilikda kuzatuv maydonchalarining vazifasini o‘zgartirmoqda. Endi sayyohlar nafaqat yuqoridan ochiladigan manzaralarni, balki o‘sha manzaraga olib chiquvchi inshootning o‘ziga xos me’moriy yechimlarini ham tomosha qilish uchun bunday obektlarga tashrif buyurmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish