Jahon | 10:35
932
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada safarbar etilganlar uchun tibbiy ko‘rik tartibi o‘zgarishi mumkin

Rossiya Mudofaa vazirligi shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilinayotganlar va safarbar etilganlar uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatga ko‘ra, tibbiy ko‘rik faqat og‘ir jarohat yoki xizmatga yaroqlilikka ta’sir qiluvchi jiddiy kasalliklar mavjud bo‘lgan holatlarda o‘tkaziladi.

Foto: AP

Qonun loyihasi 3 iyul kuni Rossiya huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi va hozirda mustaqil korrupsiyaga qarshi ekspertizadan ham o‘tmoqda.

Loyihada qayd etilishicha, safarbarlik, harbiy holat yoki urush davrida shartnoma asosidagilar hamda safarbar etilgan fuqarolarning tibbiy ko‘rigini majburiy tarzda o‘tkazish amaliyoti bekor qilinishi taklif etilmoqda.

Hujjatga muvofiq, tibbiy ko‘rik faqat harbiy xizmatga cheklov qo‘yuvchi yoki xizmatga yaroqsiz deb topilishi mumkin bo‘lgan jarohat yoki kasallik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina o‘tkaziladi. Bunday holatlarni aniqlash tartibini esa Rossiya Mudofaa vazirligining o‘zi belgilashi rejalashtirilgan.

Harbiy xizmatdan qochishga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi «Idite lesom» huquqni himoya qilish loyihasi ushbu tashabbusni shartnoma asosidagilarni jalb qilishdagi jiddiy muammolarning belgisi sifatida baholadi.

Loyiha rahbari Grigoriy Sverdlinning ta’kidlashicha, agar qonun qabul qilinsa, tibbiy ko‘rik avvalgidek barcha uchun avtomatik tarzda emas, balki faqat alohida holatlarda o‘tkaziladi.

So‘nggi oylarda Rossiya hukumati kontrakt xizmatiga ko‘proq odamlarni jalb qilish maqsadida bir qator choralarni amalga oshirmoqda. Jumladan, may oyi oxirida prezident Vladimir Putin yangi shartnoma asosidagilarning ayrim qarzlarini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida rossiyaliklarni Ukrainadagi urushga Belarus va Xitoydagi «maxsus harbiy operatsiya ortidagi ish o‘rinlari» orqali jalb qilishga urinishlar, Penza viloyatida erkaklarni majburan shartnoma imzolashga undash holatlari hamda yangi safarbarlik bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid