Avto | 18:19
1026
3 daqiqa o‘qiladi

Bentley yangi Torcal krossoverini namoyish etdi

Britaniyaning Bentley kompaniyasi birinchi to‘liq elektr krossoverini e’lon qildi. U Torcal deb nomlanadi va premerasi shu kuzda bo‘lib o‘tadi.

Foto: Bentley

Bentley o‘zining birinchi ishlab chiqarilgan elektromobili - Torcal nomini rasman e’lon qildi. Uning jahon premerasi 23 sentabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.

Torcal Britaniya brendining Continental GT, Flying Spur va Bentayga bilan bir qatorda to‘rtinchi mustaqil model liniyasi bo‘ladi. Bu Bentley tarixidagi birinchi to‘liq elektromobil bo‘ladi.

Modelning nomi Ispaniyaning janubidagi noodatiy ohaktosh qoyalari bilan mashhur El Torkal de Antekera tabiat bog‘iga ishora qiladi. Bentley rahbari Frank Steffen Vallizer Torcal’ni brend tarixidagi eng puxta ishlab chiqilgan avtomobillardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangilik deyarli barcha asosiy xususiyatlar bo‘yicha yangi standartlarni o‘rnatishi kerak.

Texnik tafsilotlarning aksariyatini kompaniya hozircha sir saqlamoqda. Faqat krossoverning uzunligi 5 metrdan kam bo‘lishi ma’lum, shuning uchun u model gammasida Bentayga’dan bir pog‘ona pastda joylashadi. Avtomobilning tashqi ko‘rinishi birinchi marta EXP 15 konsepsiyasida namoyish etilgan Bentley’ning yangi brend uslubida bo‘ladi.

EXP 15

Torcal krossoveri Porsche Cayenne Electric bilan bir xil elektr platformasiga asoslanadi. U 800 voltli arxitekturadan foydalanadi, bu quvvatni 7 daqiqada taxminan 160 km yo‘l masofasigacha to‘ldirish imkonini beradi. Avtomobil taxminan 108 kVt・soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lishi va 563 km gacha yurishi kutilmoqda.

Quvvat qurilmasining rasmiy xususiyatlari hozircha oshkor etilmagan. Biroq, Bentley allaqachon Torcal’ning barcha versiyalari ikkita elektr motor va to‘liq uzatma bilan jihozlanishini tasdiqladi. Agar krossover elektr Cayenne bilan bir xil agregatlarga ega bo‘lsa, quvvat taxminan 402 dan 1139 ot kuchigacha o‘zgarishi mumkin.

Shu bilan birga, Torcal modeli Bentayga o‘rnini bosmaydi. Kompaniya ikkala modelni ham parallel ravishda sotishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Bentley allaqachon ichki yonuv dvigatelli Bentayga’ning keyingi avlodi o‘n yillikning oxiriga kelib chiqishini tasdiqladi, chunki brend to‘liq elektr liniyasiga juda tez o‘tishdan voz kechishga qaror qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid