21:20 / 11.05.2015
2715

Shahzoda Garri oila qurishga tayyorligini ma'lum qildi

Buyuk Britaniya shahzodasi Garri oila qurishga va farzandlar ko‘rishga tayyorligini, biroq hozircha u bilan birga hayotning quvonch-tashvishlarini birga baham ko‘radigan ayolni topa olmaganini ma'lum qildi. Bu haqda Sky News telekanali xabar berdi.  

“Ba'zida oila qurish vaqti kelgandek, ba'zida esa hali bunga ertadek tuyuladi. Hammasi bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bo‘ladi. Albatta, men hozirda farzandlarim bo‘lishini istardim, biroq buning uchun qandaydir yo‘lni bosib o‘tish kerak”, deb aytdi Garri telekanalga bergan intervyusida.

Garrining aytishicha, uning hayotida hammasi o‘z o‘rnida ketmoqda. “Yoningda hayotning quvonch-tashvishlarini birga baham ko‘radigan insoning bo‘lsa zo‘r bo‘lar edi”, deb qo‘shimcha qilmoqda Garri.

Shahzoda harbiy xizmatdan ketish haqida qaror qabul qilish unga oson bo‘lmaganini va hozircha iste'foda nima bilan shug‘ullanishini bilmayotganinini tan oldi.

“Men akam Uilyam bilan hamma kabi ishlab maosh olishimiz, boshqa odamlar bilan ishlashimiz kerakligini his qilmoqdamiz”, deb aytdi Garri.

Avvalroq, shahzoda Garri taxtga vorislik navbatida akasining qizi Kembrij malikasi tug‘ilgandan keyin 4-o‘rindan 5-o‘ringa o‘tganiga izoh berib o‘tgan edi.

Top