21:15 / 12.05.2015
4412

Putin Tojikistonda davlat xiyonatida ayblangan ikki mahbusni afv etdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston sudi tomonidan davlat xiyonatini amalga oshirganlik uchun jazoga hukm qilingan, uranni qayta ishlovchi “Vostokredmet” korxonasining ikki nafar xodimini afv qilish haqida farmonni imzoladi.

Rossiya huquqiy axborot portalida 1948 yilda tug‘ilgan Aleksandr Baboshin va 1951 yilda tug‘ilgan Aleksandr Botovning afv etilishi haqidagi farmonlar joylashtirilgan. Mahbuslar 2009 yil oktabrida Tojikistonning So‘g‘d viloyati sudi tomonidan qamoq jazosiga tortilgan edi. 

Ayblanuvchilarga jazo hukmi e'lon qilingandan keyin mahbuslar haqidagi ma'lumotlarning katta qismi sir saqlangan. Faqat shu narsa ma'lumki, Botov “Vostokredmet”ning bosh muhandisi, Baboshin esa kapital qurilish boshqarmasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Ular xiyonatlari uchun 22 yilga ozodlikdan mahrum etilganlar.  

Bu ishning Rossiyaga qandaydir aloqasi borligi haqida hech narsa ma'lum qilinmagan.  

 

Top