06:54 / 22.05.2015
2279

Sobiq futbolchi Pol Gaskoyn Mirror nashridan 188 ming funt sterling tovon puli undirdi

Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Pol Gaskoyn sudda Mirror Group Newspapers kompaniyasidan telefon suhbatlarni noqonuniy tinglash ishi bo‘yicha 188 ming funt sterling tovon puli undirib oldi. Bu haqda BBC News telekanali xabar bermoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Mirror Group jurnalistlari Gaskoyn va boshqa bir qator mashhur shaxslarning ovozli pochtalarini 10 yildan ko‘proq vaqt davomida noqonuniy ravishda tinglab kelishgan. Olingan ma'lumotlar keyinchalik Mirror, Sunday Mirror va People nashrlari tomonidan maqolalarni tayyorlash uchun foydalanilgan.

Mirror Group jabrdiyda mashhurlarga umumiy hisobda 1,2 mln funt sterling atrofida tovon puli to‘laydigan bo‘ldi. Joriy yilning fevral oyida kompaniya Buyuk Britaniyaning mashhur fuqarolarining telefonlarini tinglagani uchun birinchi bor omma oldida uzr so‘ragandi.

Pol Gaskoyn bahslarga sabab bo‘luvchi nojo‘ya harakatlari bilan nom chiqargan. 2014 yilning avgustda u jin (spirtli ichimlik) iste'mol qilib zaharlangandan keyin 5 kun shifoxonada yotib chiqqan hamda yiliga 500 ming funt sterlingga ijaraga olgan kvartirasidan chiqarib yuborilgan. Bundan tashqari, sobiq futbolchi mototsiklda do‘kon peshoynasiga kelib urgan, bir necha bor mast holatda mashina boshqargani uchun qo‘lga olingan va golf-karni boshqarish davomida yo‘l-transport ishtirokchisiga aylangan.

Gaskoyn ikki marotaba Shotlandiya chempioni, bir marta Angliya Kubogi g‘olibligi unvonini qo‘lga kiritgan. Yarimhimoyachi bo‘lib o‘ynagan futbolchi Angliya terma jamoasi safida 57ta o‘yin o‘tkazib, 10ta gol muallifiga aylangan.

Top