14:35 / 04.06.2015
13887

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi rahbari Navoiyda uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i Vohidjon Ismoilov O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 3 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida 2015 yil 27 may kuni Navoiy viloyatida bo‘lib, mahalliy tashuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir agentlik boshlig‘ining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, ahamiyati, unda jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan huquq va imtiyozlar, davlat organlarining mas'uliyat va vazifalari, murojaat etish tartibi va shakllari, shuningdek ushbu qonun ijrosini ta'minlanish bo‘yicha agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi nutqi bilan boshlandi.

V. Ismoilov o‘z ma'ruzasida bugungi kunda davlat organlarida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan keskin kurash, ushbu chora-tadbirlarning mohiyati va zarurati haqida so‘zlab berdi. Jumladan, agentlikda “Yagona oyna” tizimi joriy etilganligi, agentlikning rasmiy veb-sayti, ishonch telefonlari orqali fuqarolarning fikr-mulohazalari, shikoyat va takliflarini qabul qilish muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilganligi shu maqsadga xizmat qilishini aytib, fuqarolar hamda davlat idoralari o‘rtasidagi birdamlik jamiyatimiz taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan korrupsiya muammosiga qarshi kurashda muhim o‘rin tutishini alohida ta'kidladi.

Shundan so‘ng uchrashuvda yig‘ilgan tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar, shikoyatlar, sohani rivojlantirishga doir o‘z takliflari bilan murojaat etishdi. Agentlik boshlig‘i barcha savollarga to‘la-to‘kis javob berib, agentlik o‘z vakolatlari doirasidagi barcha masalalarda tashuvchilarga yordam berishga tayyorligini bildirdi va hududiy bo‘lim mutasaddilariga bu borada tegishli vazifalarni yukladi. Respublika miqyosidagi boshqa tashkilot va muassasalar yordamida bartaraf etiladigan muammolarga doir barcha savollarni V. Ismoilov alohida belgilab olib, o‘rnatilgan tartibda ko‘maklashishga va'da berdi. Shuningdek, tadbirkorlarni o‘z huquqlaridan keng foydalanishga chaqirib, ularga ish jarayonida yuzaga keladigan muammolar yuzasidan, agentlik tizimidagi idoralarda sansalorlik, tamagirlik va byurokratik to‘siqlarga duch kelishganida elektron pochta orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etishlari mumkinligini eslatdi.

Tadbir yakunida Navoiy shahridagi “Nur Trans” qo‘shma korxonasi rahbari agentlik tomonidan tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida “Yagona oyna” tashkil etilganligi va tashuvchilarning murojaat va arizalari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilayotganidan mamnunligini aytib, bu ishlarga bosh-qosh bo‘lgani uchun tashuvchilar nomidan agentlik rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Top