15:54 / 06.06.2015
2401

Toshkent Frantsuz alyansi nodavlat tashkiloti tashkil etildi

O‘zbekiston va Fransiya respublikalari turli sohalarda, jumladan, madaniyat, fan va ta'lim sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishni davom ettirmoqda. Tobora rivojlanib borayotgan ushbu hamkorlikning tamal toshlari mamlakatlar prezidentlarining Parij va Toshkentdagi uchrashuvlarida qo‘yilgandi.

Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan imzolangan bitimlarga muvofiq festivallar, madaniyat kunlari, musiqa bayramlari, ilmiy anjumanlar tashkil qilinmoqda, ikki xalq adabiyotining eng sara namunalari tarjima qilinmoqda, fransuz tili va adabiyotining O‘zbekistonda, shuningdek, o‘zbek tili va adabiyotining Fransiyada o‘rganilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Har ikki tomonning madaniyat va ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istagidan kelib chiqib, 2014 yilning 7 noyabr kuni O‘zbekiston va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Toshkent fransuz alyansini ta'sis etish va uning faoliyati shartlari to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolagandi. Mazkur alyansning asosiy maqsadlari O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rgatishga hissa qo‘shish, turli madaniy tadbirlar o‘tkazish orqali ikki davlat xalqlarining bir-birlarini chuqur anglashlari va o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishni ta'minlash, O‘zbekistondagi fransuz tili mutaxassislariga uslubiy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat muassasa tarzida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Toshkent Frantsuz alyansi avvalgi Frantsuz instituti singari fransuz tili va madaniyatini o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Fransiyada yoki frankofon davlatlarda ta'lim olishni, ilmiy tadqiqotlarini davom ettirishni istagan yoshlar fransuz tilini o‘rganishlari uchun yuqori sifatli o‘quv kurslarini tashkil etadi. Yuqori sifatli ta'lim berish Frantsuz alyansi fondi xalqaro tarmog‘i o‘z oldiga qo‘ygan asosiy tamoyillardan biridir. Endilikda Toshkent fransuz alyansi ham ushbu tarmoq tarkibiga kiradi.

Toshkent Frantsuz alyansida yoz oylariga mo‘ljallangan ikki oylik jadal fransuz tili kurslarida ta'lim olishni xohlovchilarni ro‘yxatga olish boshlab yuborildi. Bundan tashqari yil davomida uchta uch oylik fransuz tili kurslari tashkil etiladi. Darslar fransuz tili va adabiyotidan yuqori malakaga ega o‘zbekistonlik va fransiyalik o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.

Frantsuz alyanslari tarmog‘i 1883 yildan, ya'ni Parij shahrida ilk fransuz alyansi tashkil etilgandan boshlab shakllana boshlagan. Bugungi kunda jahonning besh qit'asida 850dan ortiq fransuz alyanslarini birlashtiruvchi mazkur tarmoq o‘z miqyosi bilan dunyoda peshqadamlik qilib kelmoqda. Ushbu muassasalarda har yili 500 mingga yaqin o‘quvchilar fransuz tilini o‘rganmoqdalar. Mustaqil madaniy muassasalar hisoblanmish fransuz alyanslari Frantsuz alyansi fondining yuqori sifatli ta'lim berish, ikki davlat xalqlarining bir-birlarini chuqurroq anglashlari va o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat maqsadlari va vazifalariga qat'iyat bilan amal qiladilar.

Fransiya elchixonasi ilgari O‘zbekistondagi Fransiya institutiga tegishli bo‘lgan binoni (Toshkent shahri, Zulfiyaxonim ko‘chasi, 112-uy) jihozlari va axborot resurslari bilan birga Toshkent fransuz alyansi ixtiyoriga topshirdi.

O‘zaro aloqalarni rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etib kelayotgan fransuz va o‘zbek tillari tarjimoni, elchi Shoazim Minovvarov muassislarning umumiy yig‘ilishi tomonidan Toshkent fransuz alyansi raisi etib saylandi.

Toshkent fransuz alyansi ustavi, shuningdek, Frantsuz alyansi fondi an'analariga muvofiq Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi alyansning faxriy raisi, elchining madaniyat va hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi esa ma'muriy kengash a'zosi hisoblanadi. Ma'muriy kengash Toshkent fransuz alyansining rahbar organi hisoblanib, uning boshqaruvi masalalari bilan shug‘ullanadi.

Toshkent fransuz alyansi (AFT) ochilishi munosabati bilan Shoazim Minovvarov matbuot anjumani o‘tkazdi. Matbuot anjumanida AFT faxriy raisi, Fransiya elchisi Jak-Anri Els janoblari ishtirok etdi.

Anjumanda, shuningdek, “Ertaklar bilan xayrlashuv” nomli yangi kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Erkin A'zam qalamiga mansub asarlar saylanmasi bo‘lmish mazkur kitob O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakolatxonasining bevosita ko‘magi bilan fransuz tiliga tarjima qilinib, Parij shahrida nashr etilgan.

Top