15:10 / 08.06.2015
2508

Ravshan Ermatov YeChL finali vaqtida chiroyli o‘yinga muxlislik qilishini aytdi

6 iyun kuni Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi Berlin shahrida o‘tkaziligan YeChL finalini tomosha qilish uchun o‘zbek futboli olami vakillari hamda sport jurnalistlarini taklif qildi.

Jurnalistlardan biri o‘yinni elchixonada tomosha qilgan futbol hakami Ravshan Ermatov bilan intervyu uyushtirdi.

"Yevropa chempionlar ligasi finali alohida voqea. Bugun dunyoning eng kuchli ikki jamoasi uchrashdi. Kimdir "Barselona"ga, kimdir "Yuventus"ga muxlislik qilmoqda. Germaniya elchixonasiga ushbu tadbirni uyushtirgani uchun minnatdorchilik bildiraman", deydi u o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasha turib.

Undan qaysi jamoaga muxlislik qilishi so‘ralganida esa, chiroyli futbolga muxlislik qilishini bildirgan.

"Yana bir bor qaytaraman, Ravshan Ermatov hech qachon hech qaysi jamoaga muxlislik qilmaydi. Men chin dildan chiroyli futbol muxlisiman. Men uchun o‘yindagi chiroyli gollar, darvozabonlarning mohirona seyvlari hamda murabbiylarning ayyorona taktikalari qiziqroqdir", deydi u.

O‘z navbatida Ravshan Ermatov finalni boshqarib boradigan hamkasbi Junayt Chaqirni ham qo‘llab-quvvatlashini, unga o‘yin kunidan biroz oldinroq, telefon qilib, omad tilaganini aytib o‘tgan.

Taymlar oralig‘idagi tanaffus vaqtida unga yana murojaat qilinib, o‘yindagi hakamlik haqida so‘ralganida, Ermatov Chaqirning jamoasi bexato ishlaganini bildirgan.

Top