07:42 / 16.06.2015
1410

Nepaldagi zilzila vaqtida shikastlangan YuNeSKO yodgorliklari faoliyati tiklandi

15 iyunda Nepal vayronkor zilziladan jabr ko‘rgan ko‘plab diqqatga sazovor joylarni qayta ochdi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar bermoqda. Mahalliy hokimiyat mamlakatga xorijiy sayyohlarni qaytarishga umid qilib shunday qaror qabul qildi.

Nepalda 25 aprel va 12 may kunlari ro‘y bergan zilzilalar oqibatida 8,7 ming kishidan ko‘proq odam halok bo‘ldi. Shuningdek, ko‘plab imoratlar, jumladan qadimiy ibodatxonalar, saroy va sayyohlar orasida ommaviy bo‘lgan diqqatga sazovor joylar shikastlandi.

Zilziladan keyin yopib qo‘yilgan YuNeSKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan 7ta yodgorlikdan 6tasi 15 iyunda o‘z ishini qayta boshladi. “Biz odamlarni Nepalning tiklanishda yordam berishlarini so‘rab mamlakatga kelishga chaqiramiz”, deb aytdi Nepal turizm vaziri Kripasur Sherpa.

Qayd etilishicha, sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash uchun barcha choralar qabul qilingan. Ba'zi joylarda tashrif buyuruvchilarga kaskalar berish rejalashtirilmoqda.

Har yili Nepalga 800 mingdan ko‘proq xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi. Mamlakat hukumati zilzilalardan keyin ko‘plab sayyohlar zilzila xavfidan qo‘rqib, Nepalga tashrif buyurishdan voz kechishlaridan xavotirlanmoqda.

Top