15:28 / 26.06.2015
3544

2040 yilga kelib AQShda oq tanlilar kamchilikni tashkil qilishi mumkin

AQShda boshqa irq va etnos vakillarining migratsiya hisobiga shiddat bilan oshib borishi natijasida 2040-yillarga kelib oq tanli amerikaliklar kamchilik bo‘lib qolishi mumkin. Bu haqda aholini ro‘yxatga olish byurosi ma'lumot berdi.
Migratsiyadan boshqa omillar sifatida muhojirlarning tez sur'atlarda tabiiy ko‘payishi hamda oq tanli aholining qariyotgani ko‘rsatilgan. Jumladan, mamlakatda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50.2 foizi etnik va irqiy kamchiliklar oilalarida dunyoga kelgan. Ularning tabiiy ko‘payishi o‘lim ko‘rsatkichlaridan uch barobar ko‘proqdir. Oq tanli aholi orasida esa 2013-2014 yillarda o‘lim tug‘ilishga nisbatan 62 mingga ko‘proq bo‘lgan.

“Oq tanli aholi tabiiy ravishda kamayib borishini kutgandik, ammo bu 10-20 yildan keyin boshlanadi deb o‘ylagandik, – tan oldi Nyu-Xempshir universiteti demografi Ken Jonson. – Qizig‘i, oq tanlilar boshqa aholi guruhlariga nisbatan ko‘proq muhojirlar orqali to‘ldirilish va ko‘paytirilishga muhtojdir”.
Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, 2014 yilning iyul holatiga ko‘ra mamlakatda oq tanlilar 197.9 mln, Lotin Amerikasi vakillari 55.4 mln, afroamerikaliklar 45.7 mln, osiyoliklar 20.3 mln, tub amerikaliklar 6.5 mln, gavayiliklar va Tinch okeani orollari xalqlari vakillari 1.5 mln kishini tashkil qiladi.
Shu bilan birga, Nyu-Meksiko shtatida Lotin Amerikasi vakillari aholining 47.7 foizini tashkil qiladi. Ularning eng katta qismi – 15 mln kishi Kaliforniya shtatida istiqomat qiladi.
Afroamerikaliklar eng ko‘p yashaydigan shtat Nyu-Yorkdir – ularning soni bu yerda 3.8 mln kishini tashkil qiladi. Missisipi shtatida esa afroamerikaliklar aholining 38.2 foizini tashkil qiladi.
Osiyoliklarning eng katta ulushi Kaliforniyaga to‘g‘ri keladi – 6.3 mln kishi. Foiz jihatdan ular Gavayi shtatida aholining ko‘chiligini tashkil qiladi – 56.2 foiz.
Umumiy olganda, AQSh aholisi 315 mln ni tashkil qiladi. Bashoratlarga qaraganda, 2051 yilga kelib aholi soni 400 mln kishiga, 2060 yilda esa 420.3 mln kishiga yetadi. U paytga kelib oq tanlilar aholining 43 foizini, afroamerikaliklar 14.7 foizini, Lotin Amerikasi vakillari 31 foizni, osiyoliklar 8 foizni tashkil qiladi.

Top