12:38 / 27.06.2015
4713

Oliy sud plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari, Oliy Majlis Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda plenumning «Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilindi.

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida sohaga oid qator yangi qonun hujjatlari qabul qilindi.

Haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi takomillashtirilgani, avtomobillar harakatini kuzatish va nazorat qilishning markazlashtirilgan yagona axborot-komputer tizimi shakllantirilayotgani va boshqa kompleks chora-tadbirlar amalda kutilgan samarani bermoqda.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga qaraganda, yo‘llarda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida dunyoda har yili 1,2 milliondan ortiq odam hayotdan ko‘z yumadi. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning ma'ruzasida O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi uchun xavfli omillarning oldini olish choralarini ko‘rayotgan, ya'ni transport vositasini mast holda boshqarishni istisno etuvchi, xavfsizlik kamaridan foydalanishni ta'minlovchi mukammal qonun normalariga va boshqa bir qator yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini nazarda tutuvchi qonunchilik bazasiga ega bo‘lgan davlatlardan biri sifatida e'tirof etilgan.

Plenumning «Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorini qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad transport harakati xavfsizligiga oid qonunlarni amaliyotda samarali tadbiq etishdir. Bu sohada yagona sud amaliyotini shakllantirish va harakat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ham muhokama qilindi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev ishtirok etdi.

 

 
 
Top