21:32 / 23.07.2015
2894

Buxoro viloyatida 2015 yilning ikkinchi yarim yilligida 9 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi

Buxoroda 2015 yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat rahbari M. Esonov boshqargan yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 foiz oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,5, chakana savdo aylanmasi 4,2, xizmatlar ko‘rsatish 5,6, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,6 foiz o‘sdi.

Yig‘ilishda mahalliylashtirish dasturi ijrosi, hududiy eksport hajmi belgilangan prognoz ko‘rsatkichidan pastligi qayd etilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Belgilangan dasturlarga asosan joriy yilning ikkinchi yarmida jami qiymati 427,4 milliard so‘m bo‘lgan 844, jumladan, sanoat yo‘nalishida 249, xizmat ko‘rsatish sohasida 305 va qishloq xo‘jaligida 290 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu aholini ish bilan ta'minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Dasturlar ijrosi ta'minlanishi 9 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarga ko‘ra, 25 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Polimer va plastik buyumlar, trikotaj, charm-poyabzal, qog‘oz mahsulotlari, qurilish materiallari, oziq-ovqat tovarlari shular jumlasidandir.

Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha beshta korxonada 12 loyiha asosida 89,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Eksport salmog‘ini oshirish maqsadida sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 2 ming 177 korxonani qayta inventarizatsiya qilish va yangi sub'yektlarni eksport faoliyatiga jalb etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish choralari ko‘riladi.

Top