21:14 / 28.07.2015
15884

GM Uzbekistan kompaniyasi Labo mini yuk mashinasini seriyali ishlab chiqarmoqda

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi 27 iyulda “Xorazm Avto” zavodida Chevrolet Labo avtomobilini seriyali tarzda ishlab chiqarishni boshladi, deb xabar bermoqda “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati.

GM Uzbekistan’ning Xorazmdagi zavodida yiliga bunday avtomobildan 5000 dona ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Ushbu kichik o‘lchamdagi yuk mashinasini (550 kg gacha yuk ko‘taradi) ishlab chiqarish O‘zbekistonning 2015 yilga mo‘ljallangan investitsion dasturiga muvofiq o‘zlashtirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5,9 mln dollarni tashkil qildi.
Chevrolet Labo yuk mashinasi Damas’ning ochiq bortli kuzovga ega modeli hisoblanadi hamda shahar va qishloq sharoitlarida qisqa masofalarga yuklarni yetkazib berishga mo‘ljallangan.

Avtomobil 38 ot kuchiga ega uch silindrli 0,8 litrli dvigatel va besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Bu yangi model Xorazm viloyatidagi GM Uzbekistan zavodida ishlab chiqariladigan uchinchi model bo‘ladi. Hozirda bu zavodda Damas va Orlando mashinalari ishlab chiqarilmoqda.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Andijonning Asaka shahrida joylashgan bo‘lib, General Motors (AQSh) korporatsiyasi va “O‘zavtosanoat” AJ bilan 2008 yilning martida tashkil etilgan. Korxonaning 75 foizi “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga, 25 foizi esa GM’ga tegishli.

Top