19:08 / 01.08.2015
9718

"IShID" safiga qo‘shilish uchun ketayotgan rossiyalik onasiga yozgan xabaridagi xatolik tufayli qo‘lga tushdi

Turkiya hukumati 26 yoshli dog‘istonlik talabani mamlakat chegarasi orqali Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish uchun ketayotganida qo‘lga oldi. Bu haqda Hurriyet nashri xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ismi oshkor qilinmagan dog‘istonlik talaba 6 oydan buyon mahalliy masjidlardan biriga doimiy ravishda qatnay boshlagan. Uning bir qancha do‘stlari "IShID" safiga yo‘l olganidan xavotirlangan ota-onasi uni qattiq nazorat qilgan.

Lekin, u ota-onasini aldab, 20 iyul kuni sayohat qilish bahonasida Turkiyaga yo‘l oladi. Undan qayerdaligini so‘rashganida, "Anqarada, dengizdan 2 km masofadaman", deb sms orqali javob qaytaradi.

Natijada, geografik bilim jihatdan qoloq bo‘lgan talabaning yolg‘oni fosh bo‘ladi.

Anqara shahri Turkiyani uch tomondan o‘rab turgan dengizlarning barchasidan ancha yiroqdaligini bilgan ota-ona tezlik bilan Turkiya milliy razvedkasiga bu haqda xabar beradi. Turkiya maxsus xizmatlari tezkor operatsiya orqali talabani Turkiya janubidagi Xatay viloyati hududida qo‘lga olishdi.

31 iyul kuni u Trabzon shahriga keltirilib, ota-onasiga topshirildi. Uning aytishicha, o‘zining "IShID" safiga o‘tish niyati bo‘lmagan.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda "IShID" safida dunyoning 80dan ortiq mamlakatidan kelgan yollangan jangarilar mavjud. Tashkilot o‘z tarkibida 50 mingdan 200 ming nafargacha jangarini qamragan.

Top