22:03 / 05.08.2015
3281

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi

6 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochiladi.

Yalpi majlis arafasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bo‘lg‘usi yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik to‘g‘risida ishchi guruh rahbarining axboroti tinglandi.

Kengash majlisida qayd etilganidek, Senatning bo‘lg‘usi yalpi majlisida 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ko‘rib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bo‘lajak yalpi majlisining muhim masalalaridan biri bo‘ladi.

Kengash a'zolarining fikricha, kun tartibiga kiritilgan “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni mamlakatimizda ishchanlik muhiti oshirilishini ta'minlovchi, jamoa bo‘lib investitsiya qilish samarali tizimi yaratilib, aholi hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va tadbirkorlar uchun vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni turli ustuvor investitsiya loyihalariga kiritish imkonini beruvchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratilishiga yordam beradi.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), shuningdek, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining dolzarbligi hamda muhimligini alohida ta'kidlab o‘tdilar.

Bundan tashqari, Senat a'zolari konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tinglaydilar.

Top