21:36 / 05.08.2015
3685

Samarqand viloyatida noqonuniy tarzda o‘qotar qurol saqlashning 84 ta holati aniqlandi

Shu kunlarda Samarqand viloyati ichki ishlar muassasalari xodimlari tomonidan viloyatda noqonuniy tarzda o‘qotar qurol saqlash holatlarini aniqlash hamda qurol saqlashga ruxsati bo‘lgan ovchilarni hisobga olish bo‘yicha maxsus operatsiya amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6 oyi mobaynida viloyat ichki ishlar muassasalari tomonidan noqonuniy tarzda o‘qotar qurol saqlashning 84 ta holati aniqlandi. Bu holatlardan 45 tasida qurol egalari ularni o‘z xohishlari bilan tegishli muassasalarga topshirganlar, buni qilmagan ov qurollari egalari esa ma'muriy javobgarlikka tortilganlar.

Ichki ishlar muassasalari xodimlari mahalla, turar-joy massivlarida uyda noqonuniy tarzda qurol saqlanayotgan bo‘lsa bu haqda tegishli muassasalarga xabar berish yoki uni topshirish, yo‘qsa qurol egalariga tegishli choralar ko‘rilishi bo‘yicha odamlar bilan tushuntirish ishi olib bormoqdalar.

Noqonuniy tarzda qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar yoki portlovchi qurilmalarga egalik qilganlik uchun O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasiga ko‘ra 50 ta minimal ish haqi miqdorida jarimaga tortishdan tortib 6 oygacha hibsda ushlab turish, yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan. Mazkur moddada ko‘zda tutilgan buyumlarni ko‘ngilli tarzda topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etiladi.

Top