23:22 / 11.08.2015
3173

Fransiya noqonuniy tarzda olib chiqib ketilgan Pikassoning suratini Ispaniyaga qaytardi

Fransiya hukumati Ispaniyadan noqonuniy tarzda olib chiqib ketilgan va fransuz bojxonachilari tomonidan Korsikada ushlangan Pablo Pikassoning suratini Ispaniyaga qaytarib berdi. AFP agentligining ma'lum qilishicha, mashhur rassomning ijod mahsuli uchun ajratilgan maxsus samolyot Bastiyadan Iberiya yarimoroliga yo‘l oldi. So‘nggi manzil xavfsizlik nuqtai nazaridan oshkor etilmayapti.

25 mln yevroga baholanuvchi Pikassoning ushbu “Yosh ayolning boshi” surati fransuz bojxonachilari tomonidan Korsikaning Kalvi portida katerlardan birida tekshiruv o‘tkazilganda aniqlangan. Kater sardorida bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, bu surat Ispaniyaning milliy boyligi hisoblanib, xorijga olib chiqilishi man qilingani aytilgan.  

Frantsuz hukumatining aniqlashicha, bu surat ispaniyalik bankir Xayme Botinning mulki hisoblanib, kolletsioner suratni Shveytsariyaga yetkazmoqchi bo‘lgan. Biroq suratning olib chiqib ketilishiga ruxsat tegishlicha tarzda rasmiylashtirilmagan.

Botin avval ham suratni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 1973 yilda 92 yoshida Fransiyada umri poyoniga yetgan rassom Pablo Pikasso dunyoning eng qimmatbaho rassomi hisoblanadi. U yaratgan suratlarning hozirdagi jami qiymati 10 mlrd yevroni tashkil qiladi.

Top