15:45 / 13.08.2015
3595

Jizzahda energiya tejovchi diodlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi

Jizzax maxsus industrial zonasida energiya tejovchi diodli yorituvchi uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Yorqin Chiroqlar qo‘shma korxonasi ochildi. Bu haqda “O‘zbekenergo” AJ sayti orqali xabar qilindi.
Korxonaning ochilish marosimi 9 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Uning ta'sischilari “O‘zbekenergo” tarkibiga kiruvchi “Jizzax PTES” AJ va Janubiy Koreyaning OWELL kompaniyasi bo‘ldi.
Korxona 2014 yil 17 iyunida Janubiy Koreya prezidenti Pan Kin Xening O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekenergo” va OWELL kompaniyalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida tashkil etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 2.5 mln dollarni tashkil qiladi. Loyihaning realizatsiyasi 33 yangi ish o‘rnini tashkil etishga yordam beradi. Bugungi kunda zavod sexida asosiy jihozlar o‘rnatilgan bo‘lib, ishlab chiqarishni boshlashga barcha tayyorgarliklar ko‘rib bo‘lingan.
Korxonada yiliga 2.5 mln dona energiya tejovchi diodli yorituvchi uskunalar, shu jumladan, 100 Vt quvvatli 120 ming, 32 Vt quvvatli 500 ming va 7 Vt quvvatli 1.88 mln dona uskuna ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Top