09:37 / 15.08.2015
7325

AQShda sudlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lganini tan oldi

Nyu-York sudida ishi ko‘rib chiqilayotgan O‘zbekiston fuqarosi IShID tarkibiga qo‘shilmoqchi bo‘lganini va ushbu guruhga yordam berishga harakat qilganini tan oldi.
Nyu-York sharqiy okrugi prokurori vazifasini bajaruvchi Kelli Karrining so‘zlariga qaraganda, 25 yoshli Abdurasul Jo‘raboyev Suriyaga chiqib ketib, u yerda guruh tarkibiga qo‘shilishni istagan. AQShdan chiqib keta olmagan taqdirda esa shu yerda uyushtirilajak terrorchilik aktlariga ko‘mak berishni rejalashtirgan.
Jo‘raboyevning Bruklinda istiqomat qiluvchi 4 sherigi bo‘lgan. Ularning 3 nafari O‘zbekiston, 1 nafari Qozog‘iston fuqarolaridir. Ammo ular hozircha sudda o‘z aybini tan olmadi.
Qozog‘istonning 19 yoshli fuqarosi Ahror Saidahmedov shu yilning fevralida Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomli xalqaro aeroportda qo‘lga olingan edi. U Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lganida to‘xtatib qolingan edi. Bir necha kundan so‘ng unga moliyaviy yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston fuqarosi, 30 yoshli Abror Habibov qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, mart oyida 26 yoshli Dilhayot Qosimov va iyun oyida 29 yoshli Akmal Zokirovlar qo‘lga olindi.

Top