18:24 / 18.08.2015
11315

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida xavfsizlikni ta'minlash choralari kuchaytirildi

Mustaqillikning 24 yilligi bayrami arafasida O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan joylarda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Qobilxon Nakibov UzA nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

"Mamlakatimizda hukm surayotgan hamjihatlik muhiti tinchlik va barqarorlikning muhim omilidir. Elu yurtning shodiyona kunlarida bu ne'matning qadri yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Chunki osoyishtalik hukm surgan, do‘stona munosabatlar qaror topgan joydagina ko‘ngildagidek bayram qilish mumkin", deydi Qobilxon Nakibov.

Uning aytishicha, ichki ishlar idoralari tizimida bayram kunlari tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan reja asosida izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bunda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta'minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

"Yurtimizning har bir go‘shasi, ayniqsa, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylar soha xodimlarining alohida e'tiborida. Noxush holatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, xavfsizlikni ta'minlash yuzasidan maxsus reydlar o‘tkazilayotir. Bu jarayonda mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari, xususan, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla posbonlari faol ishtirok etmoqda. Tadbirlar davomida aniqlanayotgan kamchiliklar, huquqbuzarliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda", deydi u.

Ma'lum qilinishicha, bayram oldidan barcha tuman, shahar, mahalla va ovullarda ichki ishlar organlari xodimlari va mahalla posbonlaridan iborat guruhlar tashkil etildi. Ular aholi tinchligini saqlashga oid zarur choralarni ko‘rish bilan birga jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda profilaktik ta'sir ko‘rsatishga oid vazifalarni ham samarali ado etmoqda. Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida mahallalar, korxona va tashkilotlarda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Profilaktika inspektorlarining huquqbuzarlikning oldini olishga oid faoliyati yanada kuchaytirildi. Ushbu xizmat nafaqat jinoyatchilikka qarshi kurashish, balki huquq-tartibotni mustahkamlash hamda fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish kabi vazifalarni samarali ado etmoqda. Ular mahalla faollari bilan yaqin hamkorlikda fuqarolarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularni tadbirkorlikka, sportga keng jalb etish ishlarini izchil yo‘lga qo‘ymoqda. Bu mahallalar muhitining tobora sog‘lomlashishiga xizmat qilayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizdagi to‘rt mingga yaqin mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Tegishli idoralar bilan hamkorlikda bayram tadbirlari o‘tkaziladigan barcha maydonlar va ularning atrofidagi inshoot va tashkilotlar, xonadonlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, bir milliondan ortiq turarjoylarning yong‘inga qarshi holati o‘rganildi. Natijada yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan mansabdor shaxs va fuqarolarga tegishli ravishda jarima qo‘llanilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Fuqarolar huquqlarini muhofaza qilish, inson hayotini asrashdek ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning ahamiyati beqiyos. Bu borada sohada tizimli ishlar olib borilmoqda, yo‘l-patrul xizmati maskanlarida avtotransport vositalari qat'iy tekshiruvdan o‘tkazilayotir. Aholi xavfsizligi ta'minlash uchun barcha jamoat transportlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar atrofidagi yo‘llar va yo‘l belgilari ko‘zdan kechirilib, kamchiliklar bartaraf etildi.

"Aytib o‘tish kerakki, yo‘l harakati qoidalarining takomillashtirilgani, qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning kuchaytirilgani yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga zamin yaratdi. Sohaga zamonaviy axborot-texnologiyalari joriy etilayotgani transport oqimini kuzatish, ularni tartibga solish, qoidabuzarliklarni tezkor aniqlash borasida yanada keng imkoniyatlar yaratadi", deb qo‘shimcha qiladi Nakibov.

Top