08:02 / 18.08.2015
4131

Spilberg 184 mln dollarlik yaxtasini sotib yuborishga qaror qildi

AQShlik mashhur rejissyor va ssenariynavis Stiven Spilberg o‘zining Seven Seas  (Yetti dengiz) nomli yaxtasini sotib yuborishga qaror qildi. U bu yaxtani bir necha yil avval 184 mln dollarga sotib olgan edi, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri.

Spilbergning aytishicha, uzunligi 86 metr keladigan yaxta unga kichkinalik qilmoqda. Rejissyor uning o‘rniga undan 9 metr uzunroq bo‘lgan yangisini sotib olmoqchi. Spilbergning aytishicha, uning narxi 245 mln dollarni tashkil qiladi.

Sotuvga qo‘yilgan yaxtada cho‘milish uchun suv havzasi, vertolyot uchun maydoncha, massaj uchun xona va sportzal, ekran sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan katta oyna mavjud. Kemaning hozirgi narxi oshkor etilmayapti. Hozircha esa yaxtani haftasiga 1,2 mln dollarga ijaraga olish mumkin.

2013 yilda Spilberg shu yaxtasida do‘stlari va oilasi bilan dunyo bo‘ylab sayohat uyushtirgan edi. Rejissyorning aytishicha, u sotib olishni rejalashtirgan yangi yaxtada “qulochini kattaroq yozgan holda” sayohat qilishi mumkin.

Iyul oxirida rejissyor Malibudagi uyini sotib yuborgan edi. The Los Angeles Times nashrining ma'lum qilishicha, dang‘illama uy 26 mln dollarga sotilgan. Xaridorning nomi oshkor etilmagan.

Top