O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish sohasidagi jinoyatlar oldi olinadi
O‘zbekistonda xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishgaga qaratilgan qonun kuchga kirdi. Qonunning to‘liq matni "Xalq so‘zi" gazetasida e'lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yil 31 iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan 2015 yilning 6 avgustida ma'qullangan.
«XIII 1 bob. Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar
192- (1) modda. Xususiy mulk huquqini buzish
Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya'ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qo‘yish yoxud uni o‘z mol-mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majburlash, talon-toroj alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (2) modda. Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish
Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (3) modda. Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish
Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (4) modda. Tadbirkorlik sub'yektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish
Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini pul mablag‘larini hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bog‘liq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rniqoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
192- (5) modda. Lisenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish
Lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishning belgilangan tartibi hamda muddatlarini buzish, shu jumladan litsenziyalarning va ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlarini qonunga xilof ravishda joriy etish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
muayyan huquqdan mahrum qilib, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (6) modda. Imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilish
Tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (7) modda. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga va boshqa tashkilotlarga pul mablag‘lari berishni asossiz ravishda kechiktirish
Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga va boshqa tashkilotlarga ish haqi, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan o‘zga to‘lovlarni to‘lash uchun pul mablag‘lari berishni bankning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan asossiz ravishda kechiktirish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
192- (8) modda. Tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni qonunga xilof ravishda talab qilib olish
Qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni talab qilib olish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
192- (9) modda. Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, —
eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) takroran;
b) ko‘p miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) takroran;
b) ko‘p miqdorda;
v) tamagirlik yo‘li bilan;
g) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Basharti pora evaziga og‘dirib olishni amalga oshirgan shaxsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka ichida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
192- (10) modda. Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti xizmatchisining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
192- (11) modda. Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish
Mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, ya'ni nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi»;
Tavsiya etamiz
Modrich «Real»ni tark etadi
Sport | 20:38 / 22.05.2025
Suriya Isroil bilan murosa qiladimi?
Jahon | 15:40 / 22.05.2025
Sun’iy intellekt dunyodagi har to‘rtinchi ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatmoqda - BMT
Jahon | 21:49 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi
Jahon | 21:32 / 21.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” bilan Sharm-el-Sheyxga: hammaga mos keladigan ritm
O‘zbekiston | 17:00
-
Muhammad Saloh faoliyatida ikkinchi marta APL eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
Sport | 17:42
-
Sun’iy intellekt tobora kuchayib bormoqda, lekin ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ymoqda – OAV
Fan-texnika | 17:40
-
Yangi hayotga qadam: so‘nggi qo‘ng‘iroqdan reportaj
Jamiyat | 17:31