Sport | 19:59 / 22.08.2015
4421
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyalik futbolchi o‘yin vaqtida raqiblar bosh murabbiyining qo‘lini sindirib qo‘ydi

Braziliyaning San-Paulu shahri sharafini himoya qiluvchi «Palmeyras»jamoasi hujumchisi Dudu «Kruzeyro» (Belu-Orizonti) jamoasi bosh murabbiyi Vanderleyu Lushemburgoga o‘yin vaqtida jarohat yetkazdi.

Mirror nashrida yozilishicha, bu hodisa Braziliya Kubogining chorak final o‘yini vaqtida ro‘y bergan.

Internetda bu voqea tasviri joylashtirilgan, undan ko‘rish mumkinki, Dudu to‘p uchun yugurayotgan vaqtda raqib futbolchisi bilan birgalikda maydon tashqarisiga chiqib ketadi va raqiblar murabbiyiga borib urilib, uni yiqitadi. Bu to‘qnashuv natijasida Lushemburgoning o‘ng qo‘li suyagi shikastlangan.

Bu o‘yin 21 avgust kuni San-Pauludagi stadionda o‘tkazilgan va unda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qilishgan.

Mezbon jamoa muxlislari bu vaziyat paytida hushtakbozlik qilishgan.
Qayd etish kerakki, jarohatlangan mutaxassis muqaddam «Palmeyras» jamoasida ham ishlagan, 2009 yilda mojaroli holatda bu jamoadan ketgandi. 63 yoshli ushbu mutaxassis shu yilning iyun oyida «Kruzeyro»da ish boshlagan.

O‘z navbatida, unga o‘zi istamagan holda jarohat yetkazgan Dudu 2011 yilgacha «Kruzeyro» jamoasida ham o‘ynagan. Dudu 2011 yilda Kiyevning "Dinamo" jamoasiga kelgan va 2015 yilning yanvarida yana o‘z yurtiga qaytib ketgandi.