15:23 / 25.08.2015
4467

O‘zbekiston quyosh energiyasiga 700 mln dollar sarflaydi

O‘zbekiston uchta quyosh elektr stansiyasini qurishga qaratilgan umumiy qiymati 700 mln dollarlik loyihalarni amalga oshira boshladi. Bu haqda “O‘zbekenergo” vakillariga tayangan holda Reuters agentligining rus xizmat axborot berdi.
Aytilishicha, O‘zbekistonning 90 foiz elektr energiyasi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi.
Elektr stansiyalari 2020 yili ishga tushadi. Ular beradigan elektr quvvatining umumiy hajmi 300 mVt ni tashkil qiladi, O‘zbekistonni to‘liq ta'minlash uchun esa yiliga 10 gVt elektr quvvat zarur. Ammo istiqbolda stansiyalar quvvatini yanada oshirib borish ko‘zda tutilgan.
274 mln dollarlik birinchi stansiya qurilishi uchun tender 2014 yili e'lon qilingan edi, ammo uning g‘olibi haligacha e'lon qilingani yo‘q. Bu stansiya Samarqand viloyatida quriladi.
Namangan va Surxondaryo viloyatlarida quriladigan keyingi stansiyalarning umumiy qiymati 420 mln dollarni tashkil qiladi. Ulardan har biri 100 mVt tok ishlab chiqaradi.
Loyihalar Osiyo taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Top