O‘zbekiston | 13:09 / 28.08.2015
4023
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi kurashdagi siljishlarni e'tirof etdi

O‘zbekistonda oxirgi yillarda kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlardan biri paxta yig‘imida bolalar mehnatidan foydalanishning bartaraf etilishi bo‘ldi. Bu haqda AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

“Biz O‘zbekiston bu borada ishlayotganini ko‘rayapmiz va amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholaymiz”, - ta'kidladi Rozenblyum.
AQSh davlat departamentining “2015 yilda odam savdosi” hisobotida aytilishicha, O‘zbekiston hukumati 18 yoshgacha bolalarni paxta yig‘im-termiga jalb qilishni taqiqlovchi qaror qabul qilib, 2014 yilda bu tartibni buzgan kollej direktorlari va fermer xo‘jaliklari rahbarlarini jarimaga tortdi. Bundan tashqari, o‘sha yili O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan munosib mehnat mamlakatlararo dasturi haqidagi kelishuvni imzoladi.

Bu asosda mamlakat XMTning 182 va 105 raqamli konvensiyalarida belgilangan tartiblarga rioya qilishni o‘z zimmasiga oldi.
Bundan tashqari, hukumat Jahon banki va XMT bilan kelishuv asosida xalqaro tashkilotga 2015-2017 yillardagi paxta terimini kuzatish imkoniyatini yaratib berdi.