Jahon | 07:44 / 28.08.2015
3463
1 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: 4 sentabrda Saudiya Arabistoni qiroli Vashingtonda AQSh prezidenti bilan uchrashadi

AQSh prezidenti Barak Obama 4 sentabrda Vashingtonda Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Al-Saud bilan uchrashadi. Bu haqda 27 avgustda jurnalistlarga Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest ma'lum qildi.

“Prezident Obama Saudiya Arabistoni qirolini 4 sentabr, juma kuni Oq uyda qabul qiladi. Qirolning AQShga tashrifi u taxtga o‘tirgandan beri xorijiy safarlaridan birinchisi bo‘ladi va bu holat AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik hamkorlikning o‘ta muhimligini yana bir bor ta'kidlaydi”, deb aytdi Ernest.

Ernestning aytishicha, ikki davlat yetakchilari bir qator masalalar, jumladan terrorchilikka qarshi kurashishdagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari, Yaman, Suriyadagi vaziyat, Eronning barqarorlikka tahdid soluvchi faolligiga qarshi kurashish choralarini muhokama qilishadi.