Sport | 10:54 / 31.08.2015
3142
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda yengil atletika bo‘yicha JCh-2015 yakunlandi

Xitoy poytaxti Pekin shahrida sport turlari malikasi – yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati yakuniga yetdi. Umumjamoa hisobida Keniya terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keniyalik atletlar 7ta oltin, 6ta kumush, 3ta bronza, jami 16ta medalga ega bo‘lishdi. Bu haqda "olamsport.com" nashri xabar bergan.

Yamayka terma jamoasi ham jahon chempionatida 7ta oltin medalga sazovor bo‘ldi. Faqat kumush medallar soni kamligi bois, Useyn Bolt vatandoshlari ikkinchi o‘rinni band etishdi. Kuchli uchlikka AQSh terma jamoasi jamg‘arilgan 6tadan oltin, kumush hamda bronza medallari bilan yakun yasashdi.

Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining kam sonli a'zolari ham ishtirok etishdi. Hamyurtlarimizdan eng yaxshi natijani balandlikka sakrash sektorida Svetlana Radzivil ko‘rsatdi. U 192 sm natija bilan final bahslariga yo‘llanma olgan edi. Lekin medallar qo‘lga kiritilmadi.

Ma'lumot uchun, mazkur jahon chempionatida 207 davlatdan 2000 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Musobaqada Rio-2016 olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaldi.

Jahon chempionati

Pekin, Xitoy

Medallar jamlanmasi (oltin-kumush-bronza-hammasi)

1. Keniya – 7-6-3 (16)

2. Yamayka – 7-2-3 (12)

3. AQSh – 6-6-6 (18)

4. Buyuk Britaniya – 4-1-2 (7)

5. Efiopiya – 3-3-2 (8)

6. Polsha – 3-1-4 (8)

7. Kanada – 2-3-3 (8)

7. Germaniya 2-3-3 (8)

9. Rossiya – 2-1-1 (4)

10. Kuba – 2-1-0 (3)

11. Xitoy – 1-7-1 (9)