19:24 / 01.09.2015
4577

O‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev jahon chempionini Osiyo chempionatidan chiqarib yubordi

Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha Osiyo chepmpionati o‘yinlari davom etmoqda. 1 sentabr kuni kunduzgi dasturdan o‘rin olgan chorak final bahslari yakuniga yetdi. Unda ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi ringga ko‘tarildi va g‘alabaga erishdi. Bu haqda «Stadion.uz» nashri xabar qilgan.

Dastlab -49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov yaponiyalik Tsuboy Tomoya bilan jang olib bordi. O‘zbekistonlik bokschi ringda to‘la ustunlikka erishdi hamda hakamlarning uchalasi g‘alabani Do‘smatovga berdi — 3:0. Shu tariqa Hasanboy yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yosh bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev esa kunning sensatsion natijalaridan birini qayd etdi. Kattalar terma jamoasi safiga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmagan, o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, o‘smirlar o‘rtasidagi olimpiya o‘yinlari (Nankin) g‘olibi bo‘lgan Bektemir bugun qozog‘istonlik jahon va Osiyo chempioni Janibek Alimxanulining sinovidan o‘tdi. Qo‘shni yurt sportchisi tajriba, bo‘y va texnikada ustunlikka ega bo‘lganiga qaramay, Meliqo‘ziyev jangni g‘alabagacha olib bordi. Birinchi va ikkinchi raundlar nisbatan teng o‘tdi. Uchinchi raundda esa o‘zbek bokschisi raqibiga kuchli va aniq zarbalar yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Natijada hakamlarning ikki nafari g‘alabani Bektemir Meliqo‘ziyevga taqdim etdi — 2:1.

Bugun kechki dasturda yana 3 nafar o‘zbekistonlik bokschi — Murodjon Ahmadaliyev (56 kg), Fazliddin G‘oibnazarov (64 kg), Rustam To‘laganov (91 kg) chorak final janglarini o‘tkazadi. O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan yana 4 nafar bokschi chorak final janglari uchun ertaga, 2 sentabr kuni ringga ko‘tariladi.

Bundan oldinroq, Bangkokdagi Osiyo chempionatida 10 o‘zbek bokschisining 9 nafari chorak final bahslarini davom ettirishi haqida xabar berilgandi.

Top