Sport | 20:26 / 02.09.2015
3473
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida medallar hisobi bo‘yicha yetakchilik qilmoqdalar

2015 yil 2 sentabr Tailandning Bangkok shahridagi Thanasat University sport zalida boks bo‘yicha Osiyo chempionati musobaqasining 8-chi  kuni bo‘lib o‘tdi.

Chorakfinal bahslarida yana uch nafar o‘zbekistonlik bokschi g‘alaba qozondi: Elnur Abduraimov (60 kg gacha) eronlik Forutan Golarni, Elshod Rasulov (81 kg gacha) qozog‘istonlik Erkin Odilbekni, Shaxobiddin Zoirov (52 kg gacha) hindistonlik Lal Madanni mag‘lub etdilar.

Yana bir hamyurtimiz Baxodir Jalalov (91 kg dan yuqori) qozog‘istonlik Ivan Dichkoga yutqazib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Shu tariqa chempionatning 10 ta yarimfinal uchrashuvining 8 tasiga o‘zbek bokschilari yo‘l oldilar va o‘zlariga chempionatning kamida bronza medallarini ta'minlab qo‘ydilar. Bular: Xasanboy Do‘smatov (49 kg gacha), Shaxobiddin Zoirov (52 kg gacha), Murodjon Ahmadaliyev (56 kg gacha), Elnur Abduraimov (60 kg gacha), Fazliddin G‘oibnazarov (64 kg gacha), Bektemir Meliqo‘ziyev (75 kg gacha), Elshod Rasulov (81 kg gacha) va Rustam To‘laganov (91 kg gacha).

Yarimfinal janglari 4-5 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.