Xitoydagi kimyo zavodida yuzaga kelgan portlash tufayli besh kishi halok bo‘ldi
Xitoy sharqidagi Shandun provinsiyasida joylashgan kimyoviy zavodda porlash sodir bo‘ldi. Chorshanba, 2 sentabr kuni Xitoy markaziy televideniyesi bu haqda xabar qildi.
Hodisa 31 avgustdan 1 sentabrga o‘tar kechasi Litszin uyezdidagi “Binyuan” kimyoviy zavodi hududida ro‘y bergan. Oqibatda besh kishining hayotdan ko‘z yumgani ma'lum qilindi. Ayni paytda zavodda qidiruv ishlari olib borilib, hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda.
Bu avgust oyidan buyon Xitoy kimyo muassasalaridagi birinchi shu kabi hodisa emas. 12 avgust kuni Xitoy sharqidagi Tyantszin shahridagi kimyoviy mahsulotlar saqlanadigan omborxonada sodir bo‘lgan portlashdan eng kamida 159 kishi halok bo‘lgan, 800dan ziyod kishi jarohat olgandi. Shandun provinsiyasining Xuantay uyezdida esa 22 avgust kuni kimyo zavodida yuzaga kelgan portlashdan 1 kishi hayotdan ko‘z yumib, 9 kishi jarohat olgan edi.