OAV: Arturo Vidal yana kazinoga borgani uchun Chili terma jamoasidan haydaldi
"Bavariya" yarim himoyachisi Arturo Vidal Chili terma jamoasi qarorgohini tark etgan. Futbolchi Paragvayga qarshi kechadigan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmaydi.
Chili futbol federatsiyasi tomonidan rasman ma'lum qilinishicha, bunga "shaxsiy muammolar" sabab bo‘lgan.
Chili matbuotida esa Vidal yana kazinoga borgani va bu holat terma jamoa bosh murabbiyi Xorxe Sampaoliga yoqmagani tufayli futbolchiga javob berib yuborilgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yozda bo‘lib o‘tgan Amerika Kubogi vaqtida Vidal terma jamoa qarorgohidan chiqib ketib, kazinoga borgach, qaytish vaqtida avtohalokatga uchragan va uning yonidagi turmush o‘rtog‘i qattiq shikast olgandi.
Boshqa taxminga ko‘ra, Vidalning o‘g‘li qandli diabetdan aziyat chekadi va futbolchi shu sababga ko‘ra terma jamoadan ruxsat olgan.
"Mening obro‘yimga bu qadar putur yetkazishga urinishlaridan xafaman. Terma jamoadan ketishimga sabab oilamdagi muammolar xolos. Murabbiy meni tushundi va terma jamoa qarorgohidan yaxshi kayfiyatda ketdim", - deydi futbolchi.