IFA 2015da naycha qilib o‘rash mumkin bo‘lgan klaviatura taqdim etildi
IFA 2015 iste'mol elektronikasi ko‘rgazmasi doirasida LG kompaniyasi simsiz Rolly klaviaturasi taqdimotini o‘tkazdi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, konstruksiyasi tufayli LG Rolly’ni bemalol cho‘ntakda ko‘tarib yurish mumkin.
Klaviaturani naycha shaklida o‘rash mumkin. Bu xususiyati tufayli uni turli safar va sayohatlarda olib yurish juda qulaydir. Mobil uskunaga klaviatura Bluetooth kanalining 3.0 versiyasi bo‘yicha ulanadi.
Klaviatura bir qancha gorizontal seksiyalarga bo‘lingani bois ham mana shunday uslubda yig‘iladi. Chetlariga joylashtirilgan magnitlar naychaning ochilib ketmasligini ta'minlaydi. Ish vaqtida esa u barcha klaviaturalar kabi qattiq va mustahkam holatda bo‘ladi.
LG Rolly birinchi navbatda odam kompyuterdan uzoqdaligida pochtaga kirishga yoki xabar yo‘llashga ehtiyoj sezganda qo‘l keladi. Klaviatura odatiy klaviaturalardan bir qadar farq qiladi, shu bois unda matn terish ma'lum qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
AAA standartli batareyalar bilan ta'minlangan taqdirda gadjyet uzluksiz ravishda 3 oy ishlashi mumkin.