12:38 / 13.09.2015
10887

Tojikiston maxsus xizmatlari general Nazarzodaning yashiringan joyini aniqlashdi

Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlari mamlakat mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, isyonchi general Abduxalim Nazarzoda joylashgan hududni aniqlashgan. Bu haqda o‘z manbasiga asoslangan holda TASS nashri xabar bergan.

Generalning tarafdorlarini yo‘q qilish amaliyotlarida ishtirok etayotgan manbaning ma'lum qilishicha, biroz oldinroq OAVlar orqali Nazarzodaning o‘ldirilgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, generalni qidirish ishlariga vertolyotlar ham jalb qilingan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Tojikistonning tog‘li hududidagi Romit darasida generalning 110 nafar tarafdori qo‘lga olingan va 22 nafari otishmalar davomida o‘ldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 sentabr kuni Dushanbe va poytaxtga tutash Vahdat tumanida militsiya bo‘linmalariga uyushtirilgan hujumlar natijasida 4 nafar militsiya xodimi va 4 OMON jangchisi halok bo‘lgan edi.

Qayd etish kerakki, bu voqealar Tojikiston mustaqilligining 24 yilligi nishonlanishi arafasida ro‘y berdi.

Top