22:08 / 14.09.2015
2318

Rossiya Federal antimonopol xizmati (FAS) Google kompaniyasini antimonopol qonunchilikni buzganlikda aybdor deb topdi

Rossiya Federal antimonopol xizmati (FAS) AQShning Google kompaniyasini Rossiyaning “Raqobatni himoya qilish to‘g‘risidagi” qonunini buzganlikda aybdor deb topdi, deb xabar bermoqda FAS matbuot xizmati. 

Endi Google o‘zining bozordagi tushumidan 1 foizdan 15 foizgacha miqdordagi jarimaga tortilishi mumkin, deb aytdi FASning axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Kudryavtsev.

Google kompaniyasi matbuot xizmatida FAS qarori olingandan keyin kompaniya uni o‘rganib chiqishi ma'lum qilindi.

Rossiyaning “Yandeks” qidiruv tizimi 18 fevralda FASga Google’ni Rossiyaning antimonopol qonunchiligini buzishini tekshirib ko‘rish talabi bilan da'vo arizasi topshirgan edi. “Yandeks”da AQShlik raqobatchisi Android operatsion tizimini Google qidiruv xizmati va boshqa xizmatlardan ajratishi zarur deb hisoblanmoqda. Aks holda Android-smartfonlar bozorida erkin raqobat tamoyili buziladi, chunki bu yerda Google kompaniyasi Android negizidagi o‘zining proshivkalar variantlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazishi mumkin.

Erkin raqobat tamoyilini buzuvchi Google’ning smartfon ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomasining bandlaridan biri sifatida Android-smartfonlarning dastlabki ekranida qidiruv tizimiga cheklovning mavjudligi aytilmoqda, ushbu birinchi ekranda faqatgina Google qidiruv tizimi chiqishi mumkin. AQSh kompaniyasi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etdi.

Mart oyida Nokia, Oracle, Microsoft, TripAdvisor va boshqa kompaniyalar kiruvchi FairSearch kompaniyalar alyansi “Yandeks”ning Google’ga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishgan edi.

Top