09:18 / 20.09.2015
1954

Buyuk Britaniya kansleri 20 sentabrda Xitoyga bir haftalik safarini boshlaydi

Buyuk Britaniya uchun yangi bozorlarni qidirish va Londonga 10 yildan beri birinchi marta Xitoy yetakchisining tashrifi bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlarini muhokama qilish maqsadida 20 sentabr kuni Buyuk Britaniya kansleri Jorj Osborn boshchiligidagi vazirlar, tadbirkorlar va shaharlar merlari delegatsiyasi Xitoyga ishchi safarini boshlaydi.

Xitoy raisi Si Tszinpin oktabrda Londonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Bu ikki davlat yetakchilarining 2014 yilda sentabr oyidan Gonkongda faollar bir necha oy davomida biznes-markazni qurshab olib, hudud rahbarining saylovlar orqali saylanishini talab qilganlari tufayli yuzaga kelgan sovuqchilikdan keyingi birinchi uchrashuvlari bo‘ladi. O‘shanda Xitoy hukumati harakatni noqonuniy deb topib, dekabr oyida Xitoy politsiyasi Gonkongning asosiy ko‘chalaridan biridan faollar barpo etgan to‘siqlarni to‘liq olib tashlagan edi.

Britaniya parlament a'zolarining bir guruhi Gonkongga ushbu holatni tergov qilishga bormoqchi bo‘lganlarida Xitoy ularga mamlakatga kirishga ruxsat bermagan va Gonkongdagi voqealar Xitoyning ichki ishi ekanligini uqtirib qo‘ygan.

Britaniya kansleri yetti kunlik safari davomida Pekin, Shanxay, Chendu shaharlariga tashrif buyuradi. Tashrifdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlardan biri yangi bozorlarni ochishdagi yangi imkoniyatlarni o‘rganishdan iborat bo‘ladi, deb ta'kidlamoqda Osborn.

Tashrifning markaziy voqeasi Pekinda navbatdagi “Iqtisodiy va moliyaviy suhbat” Britaniya-Xitoy anjumanining o‘tkazilishi bo‘ladi.

Top