00:06 / 22.09.2015
6298

Toshkentlik fermer kuyovini pichoqlab qo‘yib, 10 yilga qamaldi

Toshkent viloyatidagi fermer xo‘jaliklaridan birida ishlab kelayotgan G‘ofur Xudoyorov mast holda kuyovi Hasanni o‘ldirib qo‘ygani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Huquq olamida” gazetasi yozmoqda.

Aytilishicha, shu fermer xo‘jaligida cho‘ponlik bilan shug‘ullanib kelgan Hasan Gulchehra ismli qizga oshiq bo‘lgan, lekin qizning bu munosabatlardan norozi bo‘lgan otasi uni boshqa qishloqqa uzatib yuborgan. Shunda Hasan akasining do‘sti G‘ofurning singlisi Masturaga uylangan.

Ammo ularning oilalari tinch bo‘lmay, Hasan doim mast yurar, janjal ko‘tarar edi. Ayniqsa, Gulchehra ajralib, otasining uyiga qaytgach, Hasan oilasidan deyarli xabar olmay qo‘ygan va Gulchehra bilan yangitdan munosabatlarga kirishgan. Hatto rafiqasi bilan birga yashamaslik uchun qizi bilan fermer xo‘jaligining shiyponida yashay boshlagan.

Bir kuni qaynog‘asi G‘ofur bilan aroq ichib, eski dardlarini yodga olgan. Qarindoshlar o‘rtasida bahs kelib chiqqan, u tezda dahanaki jangga, so‘ng chinakam mushtlashuvga aylangan. Hasandan 10 yosh katta bo‘lgan G‘ofur kuyoviga kuchi yetmasligini tushunib, uyga kirib ketgan va qo‘yniga pichoq yashirib chiqqan. Hasan unga tashlanganidan bo‘ynidan pichoq yegan. Voqeani Hasanning qizi, G‘ofurning jiyani kuzatib turgan, ammo mast erkaklarni ajratishga ojizlik qilgan.

Hasan hushiga kelmay, tuman kasalxonasida olamdan o‘tdi. G‘ofur Xudoyorov esa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-bandiga ko‘ra sudlanib, keyingi 10 yil umrini qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Top