11:37 / 23.09.2015
6702

O‘zbekistonlik hojilar Mino vodiysida ibodat qildilar

Haj islomning beshinchi rukni bo‘lib, oshiqona ibodat, ya'ni muhabbat bilan ado etiladigan amaldir. Haj – bu shunday ulug‘ ibodatki, uning siru asrorlarini, hikmatu donishlarini qalbi pok va imoni butun odamlar juda yaxshi his qilishadi.

Mana shunday fazilatlarni chin qalbdan his qilgan Makka shahridagi ziyoratchilarimiz shu yil 22 sentabr, hijriy hisob bo‘yicha zulhijja oyining sakkizinchi, xalqimizdagi “yolg‘on arafa” kuni Mino vodiysida chin ixlos bilan ibodat qilmoqdalar.

Imom Tabaroniyning “al-Mu'jamul-Kabir” nomli kitobida keltirilgan quyidagi hadisda: “Qaysi bir shaxs Makkai mukarramadan Arafotgacha ulov ustida borib haj qilsa, minib turgan ulovining har bir qadami uchun unga yetmishtadan hasanot yoziladi”, deyilgan.

Mino vodiysiga ziyoratchilarimiz guruh rahbarlari boshchiligida talbiya aytish bilan chiqishadi. Talbiya xalqimiz orasida “Labbayka aytish” nomi bilan mashhur. Hazrati Abu Bakr Siddiq (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi shirifda, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan hajning qaysi biri fazilat jihatidan ortiq, deb so‘ralganda: “Baland ovozda ko‘p talbiya aytish va qon oqizish”, deb javob berganlar. (Imom Termiziy).

Shuningdek, boshqa bir hadisi sharifda: “Qaysi bir musulmon talbiya aytsa, albatta, uning chap va o‘ngidagi toshlar, daraxtlar va kesaklar ham talbiya aytadi”, deb marhamat qilingan. (Imom Termiziy).

Haj qiluvchilar Minoga yetgach, “Allohim, bu Minodir. Bas, do‘stlaring va ahli toatingga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in'om ayla!-”, deydi va Minodagi chodirlarga joylashib, zikru tasbeh va duolar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Qachonki, Arafa kunining tongi otgach, ya'ni shu yil 23 sentabr kuni hojilar bomdod namozini o‘qiydilar va Arafot sari oshiqadilar.

Jaloliddin Hamroqulov,

Makka shahri, Mino vodiysi


Manba: muslim.uz

Top