19:37 / 04.10.2015
17105

KUN.UZ dayjesti: haftaning eng asosiy xabarlari. O‘zbekiston (28.09-04.10)

Hurmatli o‘quvchilar! Yurtimizda xafta davomida (28.09-04.10) sodir bo‘lgan xabarlar xronikasini e'tiboringizga takroran havola etamiz.

Abdulaziz Komilov Nyu-Yorkda AQSh Davlat departamenti vakillari bilan uchrashdi>>

27 sentabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Antoni Jon Blinken o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

MAGATE: O‘zbekiston yuqori boyitilgan urandan butunlay xalos bo‘ldi>>

O‘zbekiston yuqori boyitilgan uranni o‘z hududidan chiqarib yubordi. Bu haqda 28 sentabr kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) xabar beradi.

Eksimbank O‘zbekistonda 1 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqchi>>

Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamda ushbu mamlakatning Eksport-import banki O‘zbekiston bilan investitsion hamkorlikni rivojlantirishga tayyor. Bu haqda bank raisi Li Duk Xun Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Eksimbankning Koreya iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni va uning O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi” mavzuidagi seminarda aytib o‘tdi.

O‘zbekistonlik hojilarning ilk guruhlari Makkadan qaytib kela boshladi>>

27 sentabr kuni kechqurun Toshkent shahrida Muborak Haj safaridan qaytayotgan 255 nafar ziyoratchilardan iborat dastlabki guruh kutib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bergan.

Islom Karimov o‘qituvchi va murabbiylarni davlat mukofotlari bilan taqdirladi>>

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 29 sentabr kuni "O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta'lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. Ushbu hujjat matni UzA nashrida keltirilgan.

«Paxtakor» - «Metallurg» uchrashuvi kelishilgan deb topildi va Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasi bekor qilindi>>

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ishtirokchisi Bekobodning «Metallurg» klubi bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasi bekor qilindi. O‘FF ijroiya qo‘mitasi byurosi shunday qarorga kelgan, deb yozadi tashkilot matbuot xizmati.

GM Powertrain Uzbekistan kompaniyasiga yangi bosh direktor tayinlandi>>

Avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi GM Powertrain Uzbekistan (GMPT) aksionerlari Jyennifer Bigelouni kompaniyaning yangi bosh direktori etib tayinlashdi.

Islom Karimov Namangan viloyatiga tashrif buyurdi>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29 sentabr kuni Namangan viloyatida bo‘ldi.

Islom Karimov: Jahon bozori uchun milliy brendimizni yaratishimiz lozim>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29 sentabrdagi Farg‘ona vodiysiga safarini Namangan viloyatidan keyin kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona viloyatida davom ettirdi.

Islom Karimov: Faqat don va paxta yetishtirish bilangina yuqori darajadagi rivojlanish va farovonlikka erishib bo‘lmaydi>>

Faqatgina don va paxta yetishtirish bilan yuqori darajadagi rivojlanish va farovonlikka erishib bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida joylashgan “Baraka” fermer xo‘jaligida o‘tgan suhbatda aytib o‘tdi.

O‘zbekistonning 9 banki MDHning 200 eng yirik banki ro‘yxatiga kiritildi>>

1-4 oktabr kuni o‘tkaziladigan “Sochi-2015” investitsion forum arafasida RIA Reyting agentligi tahlilchilari MDH davlatlarining eng yirik 200 bankini o‘z ichiga olgan reytingni e'lon qildi.

O‘zbekistonda bugundan kommunal xizmatlar uchun tariflar oshdi>>

1 oktabr kunidan O‘zbekiston aholisi va ulgurji iste'molchilarga beriladigan tabiiy gaz uchun Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yangi tariflar joriy qilinadi. 

O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib gaz hisobining avtomatlashgan tizimini joriy qiladi>>

Toshkent shahri va viloyatida 2016 yil oxiriga qadar tabiiy gaz iste'moli hisobining avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi. Bu haqda “O‘ztransgaz”dagi manbalariga tayangan holda Sputnik agentligi xabar bermoqda.

Mirabror Usmonov O‘zPFL klublari rahbarlari va murabbiylari bilan uchrashuvda kelishilgan o‘yinlar uchun keskin choralar ko‘rilishiga va'da berdi>>

Bugun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining anjumanlar zalida Mirabror Usmonov O‘zPFL klublari rahbarlari va murabbiylari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston MDH davlatlariga o‘z avtomobillarini “Ravon” brendi ostida eksport qiladi>>

Yil boshidan beri internetda “GM Uzbekistan” avtokorxonasida “Ravon” brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlangani haqida turli gaplar yurgandi. 

Andijon temir yo‘l vokzali 2016 yili foydalanishga topshiriladi>>

Andijon temir yo‘l vokzali 2016 yili foydalanishga topshiriladi. Bu haqda Telegraf.uz sayti xabar bermoqda.

Sobiq aviasozlik zavodi o‘rnida istirohat bog‘i quriladi>>

Sobiq Toshkent aviasozlik zavodi o‘rnida yangi istirohat bog‘i qad ko‘taradi. “Novosti Uzbekistana” nashrining yozishicha, ayni paytda “Anhor-Lokomotiv” attraksionlar bog‘ining qurilishi boshlab yuborilgan.

Yaponiya bosh vaziri oktabrda O‘zbekistonga keladi>>

Shu oyning oktabr oyining oxirida O‘zbekistonga Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe tashrif buyuradi. Bu haqda The Japan Times nashri xabar bermoqda.

GM Uzbekistan kompaniyasi Labo mini yuk mashinalarini avtosalonlarga yetkazib berishni boshladi>>

Ijtimoiy tarmoqda GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan shu yilning iyulida ishlab chiqarilishi boshlangan Labo mini yuk mashinalari tashuv vositalari orqali joylarga yetkazilayotgani tasvirlangan suratlar paydo bo‘ldi.

Toshkentda aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkazildi>>

2 oktabr kuni Toshkentning Shayxontohur tumanida rejali aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif buyuradi>>

7-8 oktabr kunlari Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonda rasmiy safar bilan bo‘ladi. Bu haqda Ashxobodda o‘tkazilgan hukumat majlisi chog‘ida aytib o‘tildi.

O‘zbekistonda Yaponiyaning arzon mehmonxonalari tarmog‘i ish boshlashi mumkin>>

Yaponiyaning Toyoko-inn arzon mehmonxonalari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirib kelishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekturizm”dagi manbalariga tayangan holda Sputnik agentligi xabar bermoqda.

Top