09:16 / 06.10.2015
3796

O‘zbekistonlik shaxmatchilar blits shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lishdi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Osiyo qit'asining 8 davlati vakillari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham ishtirok etmoqda.

Blits shaxmat bahslarida O‘zbekiston vakillaridan ikki nafari Osiyo chempioni bo‘lishdi. Gulruhbegim Tohirjonova qizlar, Nodirbek Yoqubboyev esa o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi blits bahslarida Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Tohirjonova 9 imkoniyatdan 8,5 ochko jamg‘arib, eng yaqin ta'qibchisi bo‘lgan hindistonlik Ivana Mariya Furtadoni 2 ochkoga ortda qoldirdi. Bronza medali xitoylik Liao Ruiga nasib etdi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar qilgan.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi blits bahslarida muvaffaqiyat qozongan Nodirbek Yoqubboyev 9 imkoniyatdan 8 ochko to‘pladi. Ikkinchi o‘rinni eronlik shaxmatchi Ma'sud Mosadegpur egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikka qirg‘izistonlik Ruslan Sejbekov yakun yasadi.

Top