18:12 / 08.10.2015
4312

Mishel Platini o‘zining FIFA axloq qo‘mitasi tomonidan jazolanishiga munosabat bildirdi

UYeFA prezidenti Mishel Platini FIFA axloq qo‘mitasi tomonidan 90 kunga futboldan chetlatilgani borasidagi xabar bo‘yicha bayonot berdi. Yevropa futboli rahbarining bayonoti UYeFA rasmiy saytida e'lon qilingan.

«Kecha meni FIFA axloq qo‘mitasi 90 kunga tashkilot faoliyatidan chetlatgani haqida xabar berishdi. Bu xabarning FIFA rasmiylari tomonidan aytilishi masalaning qay darajada jiddiy ekanini ko‘rsatib turibdi. Axloq qo‘mitasi bu kabi qarorlarni mustaqil ravishda e'lon qiladi. Shunga qaramay hozircha bu qaror to‘liq kuchga kirmagan».

«Bu tarqalgan xabarlar atayin mendan o‘ch olish maqsadida qilingan, faoliyatimga tahdid solishga ochiq-oydin urinishdir».

O‘tgan bir necha hafta mobaynida men FIFA bilan protsessual normalarga amal qilgan holda tergov olib borish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanimni bildirdim. FIFA esa o‘z navbatida bu munosabatlarni oyoq osti qildi».

«Men har doim o‘zimni halol, samimiy va jasoratli bo‘lishga ruhan majburiyatli odam sifatida tutib kelaman va bunga amal qilaman. Agar bu qarorni axloq qo‘mitasi to‘g‘ri deb hisoblasa, men asl haqiqatni oshkor qilish uchun bor kuchimni ishga solaman va bu yo‘lda to‘xtab qolmayman».

«Hozircha esa adolatli, xolis va mustaqil FIFA axloq qo‘mitasi menga nisbatan tergov harakatlarini boshladi».

«Men hozirgi qiyinchiliklarni mutlaq aniqlik va birdamlik bilan yengib chiqishimizga va futbolning asl kuchini ko‘rsata olishimizga ishonaman», – deya bayonot beradi Platini UYeFA rasmiy saytida.

Top