20:50 / 11.10.2015
21120

Miyani charxlash uchun Stiv Jobsdan 6 mashq

Doimiy ravishda aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishi uchun fikrlash tezligi har doim ham yuqori darajada bo‘lavermaydi.

Mashhur Stiv Jobs miyani charxlash uchun o‘ziga xos mashqlar bilan shug‘ullangan. U o‘z biografi Uolter Ayzeksonga meditatsiyaning samarasi haqida yozib, uning miya uchun naqadar foydali ekanligini ta'kidlagan.

Ayzekson Stiv Jobs shug‘ullangan mashqlar haqida shunday ma'lumot beradi.

1-mashq

Oyoqlaringizni chalishtirib, hech kim xalal bermaydigan tinch joyda o‘tiring. Chuqur nafas oling.

2-mashq

Ko‘zlaringizni yuming va miyangizda charx urayotgan fikrlarga quloq soling: ish, uy, televizor...  Bular miyangizdagi «sarkash ong»ga tegishli bema'ni fikrlar. Ularni to‘xtatishga urinmang. Shunchaki ongingiz u fikrdan bu fikrga o‘tishini kuzating. Bu mashqni kuniga 5 daqiqadan bir hafta davomida bajaring.

3-mashq

Fikrlar aylanishini to‘xtatmagan holda diqqatingizni «irodaviy ong»ga qarating. «Irodaviy ong» hech narsaga baho bermaydi, ma'no izlamaydi, u shunchaki ko‘radi, eshitadi va his qiladi. Aksariyat kishilar bu ongning mavjudligini bilishmaydi ham.

4-mashq

O‘z «irodaviy ong»ingizni anglay boshlagach, muntazam ravishda «sarkash ong»ni to‘xtatishga o‘ting.

5-mashq

«Sarkash ong»ni tinchlantirgach, e'tiboringizni «irodaviy ong»ga qarating. Siz havoning badaningizga tegishini his qila boshlaysiz. Tanangizda oqayotgan qonni his qilasiz. Ko‘zlaringizni ochganingizda dunyo sizga boshqacha, yangidek ko‘rinadi.

6-mashq

Bu holatga erishish uchun vaqt talab qilinadi. Meditatsiya jarayoni davomiyligini doimiy ravishda uzaytirib boring.

Doimiy ravishda meditatsiya bilan shug‘ullanish quyidagi omillarga sababchi bo‘ladi:

1. Stress – zo‘riqishdan qutulasiz. Og‘ir vaziyatlarda ham xavotirga tushmaysiz.

2. Uyqusizlikni unutasiz. 

3. Tiniqroq fikrlay boshlaysiz va hayotingizdagi voqealarni to‘g‘ri baholay olasiz.

D.Asqarov

Manba: xabardor.uz

Top