01:58 / 13.10.2015
4528

Misr sudi Husni Muborakning o‘g‘illarini ozod etish qarorini chiqardi

Misr sudi mamlakatning sobiq prezidenti Husni Muborakning o‘g‘illarini ozod etish qarorini chiqardi. Bu haqda The Daily Mail nashri ma'lum qildi.

Ala va Jamol Muborak 2011 yilning aprelida ularning otasi Husni Muborak davlat rahbari lavozimidan chetlatilgandan keyin ikki oy o‘tib hibsga olinganlar. Ular o‘z otalari bilan birga sud qilinganlar. Ularning barchasiga davlat g‘aznasidan  yirik summadagi pullar o‘g‘irlaganlik aybi qo‘yilgan. Bu pullar prezident saroylarini qayta ta'mirlash uchun sarflangan.  

2015 yil may oyida 87 yoshli Muborakning o‘g‘illari uch yil qamoq jazosiga va 125 mln Misr funti (16 mln dollardan ko‘pooq) miqdorida jarima to‘lashga hukm qilinganlar hamda ularning zimmasiga saroylarni qayta ta'mirlash uchun sarflangan 21 mln Misr funtini qaytarish majburiyati qo‘yilgan. Biroq ular barcha zarur summalarni avvalroq to‘laganlari ma'lum bo‘ldi va sud natijada ular qamoqda saqlanayotgan muddatni e'tiborga olib, ularni ozod qilishga qaror qildi.

Misrni 30 yil davomida boshqargan Husni Muborak 2011 yil fevralidagi ommaviy namoyishlar oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Shundan birozdan keyin Muborak hibsga olinib, unga korrupsiya, o‘z hokimiyatini suiistemol qilish va namoyishchilarni o‘ldirish kabi ayblovlar qo‘yilgan. 2015 yil may oyida Muborak 3 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan.

Top