15:58 / 15.10.2015
3760

Alisher Usmonov kibersport sohasidagi loyihaga 100 mln dollar kiritmoqchi

Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings xoldingi kibersport sohasida Rossiyadagi yirik uyushmalardan biri hisoblangan Virtus.pro kompaniyalar guruhini rivojlantirishga investitsiya kiritmoqchi. Kompaniya xabarida keltirilishicha, USM va uning sheriklar loyihani rivojlantirish uchun investitsiya miqdorini 100 mln dollargacha oshirishi mumkin.

Rossiyaning Virtus.pro tashkiloti jamoalari kibersport bo‘yicha dunyo miqyosidagi 250dan ziyod mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Loyiha xalqaro musobaqa va ligalar tashkil etish bilan shug‘ullanadigan, shuningdek, har oyda dunyo miqyosidagi 30 milliondan ziyod auditoriya uchun turli internet-maydonlarda 1,5 mingdan ortiq kontent ishlab chiqaradigan kompaniyalarni birlashtiradi. Virtus.pro guruhlari internet manbalari 7,6 mln obunachiga ega bo‘lib, yaratilgan kontentlar tomoshasi yiliga 1 mlrddan ortadi.

Xabarda keltirilishicha, kibersport sanoati dunyoda jadal sur'atlarda o‘sib bormoqda. SuperData Research ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda kibersport bozori hajmi 612 mln dollarni tashkil etdi. Kibersport auditoriyasi esa 130 mln kishidan oshdi. Ayni paytda mukofot pullari hajmi 42 mln dollardan ortgan.

Kibersport, bu – sportning media va internet makonidagi shakli bo‘lib, butun dunyoda jadallik bilan ommalashib bormoqda.

Top