09:13 / 19.10.2015
3068

Malayziyaning bir qator shtatlarida maktablar o‘rmon yong‘inlari sababli yopib qo‘yildi

Malayziya hukumati qo‘shni Indoneziyadagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida ekologik vaziyatning keskin yomonlashgani sababli 2015 yil 19 oktabrdan boshlang‘ich va o‘rta maktablarda mashg‘ulotlarni to‘xtatishga qaror qildi.

Ta'lim vazirligi murojaatida keltirilishicha, mamlakat g‘arbidagi bir qancha shtatlar va Kuala-Lumpurdagi maktablar vaqtincha faoliyat ko‘rsatmaydi.

Bu so‘nggi bir necha haftadan buyon to‘rtinchi shu kabi holat bo‘lib, hukumat havodagi inson salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan zarralar sababli ta'lim muassasalari ishini to‘xtatmoqda.

Shuningdek, Star gazetasi xabariga ko‘ra, 18 oktabr kuni Kota-Kinabalu (Sebax shtati ma'muriy markazi) aeroportida ham qo‘shni davlatdagi yong‘inlar natijasida kelib chiqqan tutun sababli bir qancha parvozlar vaqtini kechiktirgan.

Indoneziyaning o‘zida ko‘plab kuch va vositalar, jumladan, Avstraliya, Malayziya, Singapur va Yaponiyadan kelgan o‘t o‘chirish xodimlari va texnikalari jalb etilganiga qaramasdan, Kalimantan va Sumatra orollaridagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Buning ustiga, quruq ob-havo ham mamlakat tarixida eng yirik tabiiy ofatga aylangan yong‘inlarning bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni sekinlatmoqda.

Yong‘inlarga mahalliy fermerlar va tadbirkorlarning o‘rmonlarni yondirib, o‘z xo‘jalik faoliyatini olib borishi uchun qo‘riq yerlar ochishi asosiy sabab ekani aytilmoqda.

Top