11:25 / 19.10.2015
6924

OAV yana maktabdagi majburiy to‘lovlar haqida

O‘zbekiston matbuotida maktablarda “sinf fondi”, “maktab fondi” singari bahonalarda pul to‘lovlarining tashkil qilinishi masalasi tez-tez ko‘tarilib turibdi. Bu hafta ham ushbu dolzarb muammo bir qancha nashrlarda yoritildi.

Jumladan, “Darakchi” gazetasida chop etilgan keng maqolada masalaning bir qancha taraflari ko‘rib chiqildi: to‘lovlarning majburiy emasligi hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlar.

Jumladan, o‘quv yili boshida Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi tomonidan ota-onalarga yo‘llangan murojaatnomalarda maktabdagi barcha xarajatlar tegishli manbalardan amalga oshirilishi, hech qanday yig‘imlarga yo‘l qo‘yilmasligi ta'kidlab o‘tildi. Xususan, yangi maktablar qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi, kapital ta'mirlanishi, darsliklar va o‘quv jihozlari bilan ta'minlanishi uchun davlatimiz byudjyetidan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan 60 foiz mablag‘ning 35 foizii ajratilayotgani alohida qayd etilib, hech qanday majburiy to‘lovlarga yo‘l qo‘yilmasligidan ogohlantirildi.

Agar bu tartib buzilsa, boshqarmaning 1006 raqamli qisqa raqamli ishonch telefoni va 2370830 raqami orqali bosh boshqarma boshlig‘ining qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilish lozimligi tushuntirildi.

Shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Avaz Mamadjanov bu masalaga munosabat bildirar ekan, muhim bir jihatga e'tibor qaratdi.

“Bunday murojaatlar juda ko‘p. Har kuni bo‘ladi, - ta'kidladi u. – bilasiz, ta'lim muassasalarida Vasiylik kengashi faoliyat yuritadi. Muammoning yuzaga kelayotganiga esa o‘qituvchilar ota-onalarga Vasiylik kengashi tomonidan tashkil etilayotgan ixtiyoriy homiylik yig‘imlari bo‘yicha to‘g‘ri tushuntirishi bera olmagani yoki ota-onalar buni to‘g‘ri tushunishni istamagani sabab bo‘ladi. Ammo agarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qituvchi tomonidan Vasiylik kengashi aralashmasdan bunday yig‘imlar tashkil etilsa, albatta ular jazosini oladi. Lekin hozirgacha bunday bunday holat kuzatilgani yo‘q”.

Shuningdek, Mamadjanov Vasiylik kengashi talabi bilan ota-onalarning roziligi asosida qandaydir yig‘im tashkil etilganda ham unga moliyaviy ahvoli to‘g‘ri kelmagan ota-onani majbur qilishga hech kimning haqqi yo‘qligini e'tirof etdi.

Eldor Asanov tayyorladi

Top